Elektrga kiritilayotgan cheklovlar boʻyicha tushuntirish berildi
Bunda isteʼmolchilar uzoq vaqt elektr taʼminotidan uzilib qolmasligini taʼminlash maqsad qilingan.

Hisoblagich orqali 10-15 kv. doirasida cheklov kiritilishi eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan maʼlum bir hududlarda qoʻllaniladi.
Bunda isteʼmolchilar uzoq vaqt elektr taʼminotidan uzilib qolmasligini taʼminlash maqsad qilingan. Yaʼni bu yil qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina vaqtincha elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishining oldini olish uchun amalga oshiriladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ijtimoiy tarmoqlarda “Endi xonadonda birdaniga uchta konditsionerni ulasangiz, hisoblagich tokni avtomatik tarzda uzadi” kabi xabarlarga shu tariqa tushuntirish bergan.
Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori bilan oʻzgartirish kiritilgan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning tegishli bandiga asosan, joriy yil 1 noyabrdan boshlab isteʼmolchilarga ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi.