Tatariston kompaniyasi Oʻzbekistonda elektromobil yigʻishni yoʻlga qoʻyadi
"Kama" kompaniyasiga "KamAZ" rahbari Sergey Kogogin asos solgan.

Tataristonning “Kama” kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻzining “Atom” elektromobilini yigʻishni boshlashi mumkin. Bu haqda Qozon shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi III mintaqalararo hamkorlik forumi chogʻida maʼlum boʻldi, deb yozadi "Kazan Evening" nashri.
Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Volvach forumda elektromobillar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalari haqida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston kompaniyalari "Atom"ni keng koʻlamli yigʻishni yoʻlga qoʻyishdan, keyin esa oʻz mamlakatida elektromobil ishlab chiqarishni toʻliq mahalliylashtirishdan manfaatdor.
Volvach, shuningdek, Tatariston avtomobilini "yuqori sifatli elektromobil" deb taʼrifladi. Elektromobil ishlab chiqaradigan "Kama" kompaniyasiga "KamAZ" rahbari Sergey Kogogin asos solgan. Yeslatib oʻtamiz, “KamAZ” Oʻzbekiston bilan, xususan, kadrlar tayyorlash va yollash sohasida faol hamkorlik qiladi.
Taʼkidlash joizki, aprel oyida Rossiyaning "AvtoVAZ" kompaniyasi Oʻzbekistonda yangi "Lada Vesta" avtomobilini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgani xabar qilingandi.