platina.uz
Jamiyat

Botanika bogʻiga tahdid, darsda vafot etgan oʻquvchi, narxi oshirilayotgan temir yoʻl chiptalari — haftaning muhim xabarlari

Platina.uz sayti yakuniga yetayotgan ushbu haftadagi eng muhim xabarlarni saralab chiqdi.

Botanika bogʻiga tahdid, darsda vafot etgan oʻquvchi, narxi oshirilayotgan temir yoʻl chiptalari — haftaning muhim xabarlari

Nobel mukofoti sohiblari aniqlandi

Ushbu haftada nufuzli Nobel mukofoti sohiblari aniqlandi. Xususan, fiziologiya va tibbiyot boʻyicha Pensilvaniya universiteti (AQSh)dan Dryu Vaysman va Katalin Karikoga berildi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNK vaksinalarini yaratishga asos boʻlgandi.

Fizika boʻyicha Nobel mukofoti elektronlar va yorugʻlik tabiatini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazgan Per Agostini, Ferens Krauz i Ann L’Yuilega berildi.

Kvant nuqtalari boʻyicha tadqiqotlari uchun Aleksey Yekimov, Luis Bryus va Mungi Bavendi kimyo boʻyicha 2023 yilgi Nobel mukofoti sovrindori boʻlishdi.

Adabiyot boʻyicha norvegiyalik Yon Fosse olgan boʻlsa, tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti eronlik Nargis Muhammadiyga munosib koʻrildi.

Bayram kuni paxta dalasiga chiqqan fargʻonalik amaldor YTHga uchradi

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani bandlikka koʻmaklashish markazi rahbari 1 oktabr kuni YTHga uchradi. U Fargʻona viloyatidan Uchkoʻprikka paxtaga biriktirilgan prokurorning topshirigʻi bilan tumanning Mehnatobod hududiga paxtaga chiqqan odamlar haqida maʼlumot yiqqani borgan va qaytayotganda baxtsiz hodisaga uchragan. U Qoʻqon shahridagi shifoxonada yotibdi.

Temir yoʻl chiptalari narxlari keskin oshiriladi

2023 yilning 20 oktabrdan mahalliy yoʻnalishlardagi yoʻlovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50% ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chiptalari toʻliq narxining 100%ga oshiriladi.

Kamar taqmaganlar ham endi kameraga tushadi

Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlum qilishicha, endilikda kuzatuv kameralari harakat vaqtida xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etadi. Qoidalarga koʻra, mashina boshqarayotgan haydovchi va uning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart. Kamar taqmaganlarga jarima miqdori BHMning 50 foizi, yaʼni 165 ming soʻmni tashkil etadi. Old oʻrindiqdagi yoʻlovchilar ham kamar taqishi belgilangan, ammo ularga qaysi asos bilan jarima qoʻllash haligacha toʻliq hal etilmagan.

Boylar endi tok uchun 4 baravargacha koʻp pul toʻlaydi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 iyuldagi 245- sonli qaroriga koʻra, 1 noyabrdan boshlab ayrim toifalar uchun elektr narxi keskin oshadi. Jumladan:

  • elektr energiyasining quvvati oʻrtacha oylik isteʼmol miqdoridan oshib ketgan III guruh isteʼmolchilariga:
  • 1001 dan 5 000 kVt soatgacha isteʼmol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar;
  • 5001 dan 10 000 kVt soatgacha isteʼmol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar;
  • 10 000 kVt soatdan yuqori isteʼmol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar oʻsuvchi koyeffisiyent qoʻllaniladi.

Oʻzbekistonliklar Qatarga vizasiz borishlari mumkin

Endilikda Oʻzbekiston fuqarolari 30 kungacha Qatarga vizasiz borishlari mumkin.

Buning uchun Oʻzbekiston fuqarolaridan quyidagilar talab etiladi:

  • qaytish chiptasiga ega boʻlishi;
  • xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati 6 oydan kam boʻlmasligi.

Toshkentda maktab oʻquvchisi dars vaqtida vafot etdi

Toshkentning Yunusobod tumanida maktab oʻquvchisi dars vaqtida vafot etdi. Yunusobod tumanidagi 259-maktabda 2023 yil 6 oktabr kuni taxminan soat 11.10 larda dars jadvali asosida jismoniy tarbiya darsi oʻtayotgan vaqtida shu sinf oʻquvchisi, 2011 yil 23 martda tugʻilgan M.S. ning koʻkrak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yoʻqotgan. Oʻquvchi tumandagi 7-sonli klinik shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramay oʻquvchi M.S. vafot etgan.

Botanika bogʻi mojarosi

Davaktiv agentligi Oʻzbekiston fanlar akademiyasi huzuridagi Toshkent botanika bogʻini hokimiyat tasarrufiga oʻtkazishni taklif qilib chiqdi.

Bu taklif tarmoq faollari, Ekopartiya va masʼul tashkilotlar qarshiligiga uchradi. "Qaror loyihasi kelishuv uchun portalga joylashtirilganda Fanlar akademiyasi uni nihoyatda salbiy ruhda qabul qildi. Oʻrnatilgan tartibga binoan qaror loyihasi idoralararo kelishuv tarzida amalga oshiriladi.

Toshkent hokimligi tezda shov-shuvga aylangan Botanika bogʻi sotilishi bilan bogʻliq mojaroga munosabat bildirib, bogʻ hokimiyat tasarrufiga oʻtkazilmasligi va sotilmasligini maʼlum qildi.

"Vaziyatni oʻrgangan va Botanika bogʻi mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda, shuni maʼlum qilamizki, Botanika bogʻi Toshkent shahar hokimligi balansiga oʻtkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, oʻsimliklar genofondini saqlash va koʻpaytirishdagi ahamiyatini eʼtirof etadi va uni istirohat bogʻiga aylantirishga yoʻl qoʻymaydi", deyiladi bayonotda.

Yakunda bogʻni hokimiyatga oʻtkazish haqidagi qaror loyihasi bekor qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid