platina.uz
Jamiyat

Xususiy maktablar tabaqalanishning boshlanishimi?

Platina.uz Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining chekka qishloqlarida boʻlib, ahvolni oʻrgandi.

Xususiy maktablar tabaqalanishning boshlanishimi?

Yoshligimizdan bizga farzandlari bilimdon, sogʻlom yurt qudratli boʻlur, deb oʻrgatib kelishgan. Butun dunyoda har bir inson teng huquqli degan gʻoyalar ilgari suriladi. Ammo biz farzandlarimizga teng huquqlilik boʻyicha yaxshi oʻrnak koʻrsata olyapmizmi?

Yaqinda xalqaro olimpiadalarda faxrli oʻrinlarni olgan yoshlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Xalqaro maydondagi yutuqlarimiz oʻzini shu yurtning farzandi deydigan barchani quvontiradi, albatta, ammo taqdirlanayotganlar orasida men Qashqadaryoning bir chekka hududidagi maktabdanman yoki Surxondaryodagi togʻlar orasidagi internet u yoqda tursin, hatto telefonga zoʻrgʻa ulanish signallari topiladigan kichik maktabdanman, deganlarni koʻrmaysan kishi.

“Iqtidorlilar” falon ixtisoslashtirilgan yoki nomi va oʻqitilishi bilan tanilgan qandaydir “katta” maktablarda tahsil olishadi. Davlatimizda respublika boʻyicha barcha umumtaʼlim maktablariga bir xil darslik tarqatiladi, oʻqitiladi. Ammo mana shu chekka hudud aholisi hatto oʻtkazilayotgan xalqaro olimpiadalarning nomini ham bilishiga shubhamiz bor.

Platina.uz Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining chekka qishloqlarida boʻlib, ahvolni oʻrgandi. Hududda hech qaysi telefon operatoridan deyarli aloqani topish amri mahol, internet haqida gapirmasa boʻladi. Maktabdagi sinfda atigi 6 yoki 8, uzogʻi 10 nafar oʻquvchi oʻqiydi. Shu chekka qishloqlar oʻqituvchilari bolalarning savodli boʻlishi uchun bori bilan taʼlim berishadi. Togʻu toshlar orasidagi qishloq maktabiga baʼzilari juda uzoqdan qatnashadi. Bu yoʻllar yoki toshloq, chang yoʻllar, yoki soʻqmoqlar orasidagi yolgʻizoyoq yoʻl. Til oʻrganishda esa bir ustozdan boshqa tanlovlari yoʻq. Xususiy va nufuzli maktablar buning uddasidan yaxshigina chiqishgan. Ularning tengdoshlari oʻz sohasining choʻqqisiga chiqqan mutaxassislardan dars oladi. Yurtimizda har bir sohaga ixtisoslashgan oʻsha sohani ipidan ignasiga oʻqitadigan, toʻlov soʻmmasi otning kallasiday keladigan xususiy maktablar bor. Bunday ustozlaru, maktablarda taʼlim olishi uchun toʻlanadigan oylik toʻlov haqini bir oyda oddiy oʻzbek oilasi topadi yoki yoʻq.

“Nima qilibdi” deb yengil qarashingiz mumkin. Ammo barcha tengdosh oʻquvchilar maktabni bitirishadi. Ayting-chi, bu ikki muhitda katta boʻlgan bolalarning raqobati sof boʻladimi?

Tengsizlik yoʻqoladi, adolat yoʻqoladi, ongli qarayotgan har bir inson bu yerda tabaqalanishni koʻradi. Insoniyat tabaqalangan evolyutsiyani boshidan oʻtkazgan. Bu bosqichdan xulosa chiqarib, teng huquqlilikka yoʻl ochilgan. Aynan mana shunday tengsizlikni yengib oʻtish uchun bizda maktab darsliklarini boshqatdan oʻqitadigan kurslar paydo boʻldi. Oddiy maktab bolalari oliygohlarga kirishi uchun mana shu yangi “tizim” — abituriyentlik tizimini” boshdan oʻtkazadi. Ham kulgili, ham achinarli jihati shuki, ular oʻqigan darsliklarini qayta oʻrganadilar.

Oliy taʼlimga faqatgina mana shu yoʻl bilan kelish mumkin xolos. Shu oʻrinda bir narsani aytish mumkin, “hamma shaharga kelib olsa boʻldi, qishloqqa hech kim qaytmaydi”, degan gaplar yuradi. Qishloq hayotida katta boʻlgan shaharga kelib oʻqishi, tengdoshlari bilan tenglashishi qiyin odam oʻz farzandlariga ham bu taqdirni ravo koʻrmaydi. U ham farzandini boshqa bolalar bilan raqobatdosh boʻla olishini, yaxshi hayotga, yaxshi kelajakka ega boʻlishini xohlaydi. Qishloqdagi oʻquvchilar ham shu davlatning bolalari-ku, nahotki davlatimiz qaysidir farzandlarini ayirib yaxshi koʻrsa? Fikrlarimiz notoʻgʻri deb oʻylasangiz, nega chekka qishloq bolalari boshqa “ajratilgan” bolalarchalik emas? Nega aynan oʻsha olis qishloq farzandi fan olimpiadalari gʻoliblari emas? Nega oʻquvchilar qayta tayyorlanmay oʻqishga kirolmaydilar? Nega ular oliy taʼlim uchun yana yonidan pul toʻlab oʻsha darsliklarni oʻrganishi kerak? Nega ular tabaqalangan maktablarda oʻqishi kerak?

Aybni bolalarga toʻnkashdan avval butun mamlakatda oliygohga kirish uchun qayta oʻqiyotganlar soniga qarang, sonlar bolalarni emas, tizim kamchiliklarini koʻrsatadi.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid