Germaniya Markaziy Osiyodan nima umid qilyapti?
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Gʻarb, jumladan, Yevropa davlatlari Markaziy Osiyoga koʻz tikmoqda. Xususan, Germaniyadagi uchrashuvlardan nemislarning asl maqsadi nima? Quyida bu mavzu batafsil sharhlangan.

2016 yildan keyingi yangi Oʻzbekiston ichki siyosatda sezilarli ijobiy oʻzgarish yasaganidan soʻng, tashqi siyosatda ham keskin faollashgani kuzatilmoqda. Respublikaning yangi maʼmuriyati tashqi siyosatidagi qadamlarini avvalo qoʻshnilari – Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashdan boshladi. Ayniqsa, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan qoʻshnichilik va diplomatik aloqalarning mustahkamlanishi, chegaralarda delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlarining yakunlanishi mana shu saʼy-harakatlar natijasidir.
Oʻzbekiston qoʻygan keyingi qadamlar samarasi oʻlaroq, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini mustahkamlash, ular xalqaro munosabatlar maydonida yakdil kuch sifatida bahamjihat harakat qilishiga erishildi. Bunday yakdillik xalqaro hamjamiyat uchun ham qulay – siyosiy va iqtisodiy masalalarda har bir davlat bilan alohida kelishuvga vaqt va resurs sarflash, ularning birortasi rozilik bermagan taqdirda turli foydali loyihalarni boy berish xavfi kamayadi. Shu jihatdan olib qaraganda, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining nafaqat joʻgʻrofiy, balki siyosiy markazi, mintaqa davlatlari xalqaro munosabatlarining oʻziga xos lokomotivi vazifasini ham oʻtamoqda.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida Markaziy Osiyo mintaqasida «mintaqaviy oʻziga xoslikni anglash» tuygʻusi kuchayib borayotganini taʼkidlagani bejiz emas. Prezidentning «Bizning tarix va kelajagimiz ham, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiydir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq!» degani ham bu yoʻldagi qatʼiyat va sobitlikdan darak beradi. Uning xalqaro hamjamiyatning qoʻllovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yoʻlidan borishda davom etishiga ishonch bildirgani, shuningdek, mamlakatlarni «umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qoʻygan holda» jipslashishga chaqirgani – dunyoda «ishonch inqirozi» va «xalqaro huquqdan chekinish» tufayli yuzaga kelgan keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda katta ahamiyatga ega.
«Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad boʻlib qoladi», deyish orqali Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston oʻz zimmasiga MO yetakchiligi vazifasini olayotganiga ishora qilgan, deyish mumkin.
Qayd etish joiz, Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda siyosiy mustaqillikka erishayotgani, oʻz ovoziga ega boʻlib borayotganida ham Oʻzbekiston yangi maʼmuriyatining ulushi katta. Toʻgʻri, eng avvalo Ukrainaga bosqin va xalqaro hamjamiyatning salbiy yondashuvi sababli, ammo koʻp jihatdan, ichki tashabbus tufayli mintaqa xalqaro aloqalari formatida tub burilish yasaldi. Avvalgi davrda MOning dunyo bilan mashvaratlarini Rossiya ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmasdi. Boisi, Xitoy va AQSh kabi “siyosiy ogʻir vaznli” davlatlar bilan muloqotlarda albatta Rossiya taklif etilar, yoki Rossiyaning tashabbusi bilan oʻtkazilar, yoki u koʻrsatib bergan yoʻnalishlar muhokama qilinar edi. Hatto MO davlatlarining oʻzaro munosabatlarida ham albatta Rossiya siyosiy arbitr vazifasini oʻtab kelgan.
Markaziy Osiyo tashqi siyosatidagi tub burilish
Oʻtgan yil oxirlaridan boshlab MO davlatlarining tashqi siyosatdagi faoliyati Rossiya bilan muvofiqlashtirilmagan holda davom eta boshladi. MO deganda 5+1 (yaʼni Rossiya) nazarda tutiladigan davrlar ortda qolgani aniqlashdi.
Joriy yilning 20 sentabrida tarixda ilk marta Nyu-Yorkda, BMT Bosh qarorgohida “S5+1” (yaʼni MO+AQSh) formatida MO mamlakatlari rahbarlari hamda AQSh prezidenti uchrashuvi oʻtkazildi. Sammitda AQSh prezidenti Jo Baydenning taklifiga binoan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham sammitda qatnashdi. Oliy darajadagi uchrashuvda, Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati maʼlum qilishicha, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, terrorizmga va transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurash masalalarida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etilgan.
Sammitda, shuningdek, «barcha mamlakatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurati» hamda «boshqaruvni va qonun ustuvorligini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar» muhokamalar mavzusi boʻlgan. Sammit yakunida AQSh prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan, 29-30 sentabr kunlari Berlin shahrida birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya sammiti boʻlib oʻtdi.Germaniya soʻnggi bir yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini sammitga toʻplagan oltinchi davlatdir. Oʻtgan yilning oktabr oyidan beri mintaqadagi besh davlat rahbarlari Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, arab davlatlari rahbarlari va AQSh prezidenti bilan uchrashishdi.
Berlindagi sammitda esa Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa mamlakatlariga mustaqillikning ilk kunlaridanoq amaliy koʻmak koʻrsatishda Germaniya muhim oʻrin tutib kelayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi. Bular – investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, «yashil» kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash, Afgʻoniston aholisiga gumanitar yordam koʻrsatishdan iborat. Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yoʻlga qoʻyish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar oʻtkazib borish taklifini qoʻllab-quvvatladilar.
Tarixiy ildizlarga ega munosabatlar
Mavridi kelganda aytish kerak, Germaniya YeIda siyosiy-iqtisodiy masalalarda yetakchi oʻrin tutadi. Uning nominal YaIMi 3,9 trillion dollarga teng boʻlib, YeIda birinchi oʻrinda turadi. YeIdagi ulushi 30 foizni tashkil etadi. Qolaversa, Germaniya deyarli 3 asrdan beri nafaqat adabiyot va sanʼat, balki texnologik va ilm-fan taraqqiyotining timsoli boʻlib kelgan. Yana bir urgʻu berilishi kerak boʻlgan jihat, MO davlatlari Chor Rossiyasi tarkibida boʻlgan davrlarda ham nemis-rus munosabatlari qizgʻin tus olgan. Garchi bu ikki imperiya koʻpincha urush maydonlarida uchrashgan esa-da, Germaniya imperatori Vilhelm II Rossiya imperatori Nikolay II ning xolavachchasi edi. Rossiyada ilm-fan va texnika taraqqiy topishida Germaniyaning ahamiyati katta boʻlgan. Rossiya imperatorlari ota tomondan nemisligi uchun, ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham nemislar ustun edi – ular fransuz, ingliz, portugal savdogarlaridan koʻproq imtiyozga ega boʻlgan. Tabiiyki, MO davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar oʻsha davrlardayoq ahamiyatli boʻlgan. XIX asrdayoq Germaniyaning Leypsig shahrida qorakoʻl teri bilan savdo qiluvchi oʻzbek savdogarlarining alohida shoxobchasi bor edi.
Bolsheviklar Chor Rossiyasi hokimiyatini agʻdargan yillarda ham turkistonlik ziyolilar Germaniyaga ideal tuzim sifatida qarab, u bilan aloqalarni kuchaytirishga harakat qilgan. Ayniqsa, yoshlarni shu davlatda oʻqitishga intilishgan. Masalan, Turkiston va Buxorodan 1922 yil oxirlarida 70 ga yaqin turli yoshdagi mahalliy yosh yigit va qizlar Germaniyaning turli shaharlaridagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, kimyo, elektrotexnika, konchilik, falsafa, pedagogika,tibbiyot va boshqa muhim sohalar boʻyicha oʻqishga yuborilgan. Afsuski, kommunistlar oʻz mustamlakasida turkistonliklarni bilimli va ilgʻor xalq sifatida emas, balki qul va laganbardor xizmatkor sifatida koʻrishni istagani bois, bunday intilishlar ildizidan qirqilgan. Germaniyada oʻqib qaytgan yoshlarning deyarli barchasi 1938 yilning 4-9 oktabr kunlari kommunistlar tomonidan vaxshiylarcha otib oʻldirilgan.
Eng qizigʻi, ikkinchi jahon urushi davrida ham Germaniyaning Markaziy Osiyoga nisbatan oʻz qarashlari, strategiyasi doim boʻlgan. Siyosatshunos Farhod Tolipovning taʼkidlashicha, YeIning eng kuchli davlatlaridan Germaniya 90-yillardan boshlab Markaziy Osiyoga qaratilgan maxsus strategiya ishlab chiqib harakat qilgan. Tartiblashtirilgan maxsus hujjat 2008 yildan boshlab YeIning “Markaziy Osiyo strategiyasi” deb yuritila boshlangan. Mazkur strategiyaning ishlab chiqilishida Germaniya tashabbuskor edi. 2019 yilda qabul qilingan yangi strategiyada ham aynan Germaniya tashabbus koʻrsatdi.
Markaziy Osiyodan Germaniyaga nima naf?
Yuqorida aytilganidek, Germaniya va MO kuni kecha munosabat oʻrnatib boshlagani yoʻq.
Germaniya mustaqillikning ilk yillaridanoq Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnata va iqtisodiy alqolarni mustahkamlash yoʻlidan borgan. Natijada Oʻzbekistondagi eng yirik investorlardan biriga aylangan. Yangi Oʻzbekiston maʼmuriyatining Gemraniya bilan munosabatlari choʻqqisiga chiqqan davr ham 2023 yilga toʻri keladi. Shu yilning 2-3 may kunlari Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifi bilan Germaniyada boʻldi. Oʻshandayoq “Germaniya – Markaziy Osiyo” formatidagi muloqotlarni rivojlantirish kelishib olingan edi.
Oʻzbekistonning Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga koʻra, Germaniya Oʻzbekistonning tashqi savdodagi eng yirik 10 ta hamkoridan biri boʻlib, tovar aylanmasi boʻyicha 7-oʻrinda, eksport boʻyicha 19-oʻrinda, import boʻyicha 6-oʻrinda turadi.
Biroq 2022 yilda mintaqa, xususan, Oʻzbekiston iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi. Avval 500 million dollardan oshmagan tovar ayirboshlash oʻtgan yili tarixiy rekord natijani oʻrnatib, 1 mlrd. yevrolik marradan oʻtdi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston tashqi savdosida YeI davlatlari ichida Germaniya birinchi oʻrinda turibdi. Yangi Oʻzbekiston davrida Germaniya Oʻzbekistonga 5,5 mlrd. yevro inverstitsiya kiritgan. Hozirda Oʻzbekistonda 200 dan ziyod korxona nemis kapitali asosida faoliyat yuritmoqda.
Biroq bu statistika raqamlari ummonida bir raqamga alohida eʼtibor qaratish lozim: barcha “koʻtarilish”, “yangi bosqich”, “rekord” va hokazolar 2022 va 2023 yillarga toʻgʻri kelmoqda. Xoʻsh, 2022 yilda nima olamshumul va butun dunyo siyosatiga taʼsir koʻrsatgan voqea sodir boʻldi? Toʻppa-toʻgʻri – 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va shu paytgacha erishilgan dunyo tartibotini agʻdar-toʻntar qilib tashladi. Bu voqea xuddi ulkan daryo oqimini toʻxtatib qoʻyishga urinish bilan barobar: yoʻli toʻsilgan daryo toʻxtab qolmaydi, u oʻziga yangi oʻzan va oqish yoʻllarini qidiradi! Avval oqqan joylari boʻlsa, yanayam yaxshi, oʻsha yerlardan koʻproq oqadi. MO ham Yevropa uchun tajribadan oʻtgan oʻzandek gap. Rossiya muhim element sifatida qatnashgan barcha siyosiy, diplomatik, iqtisodiy va ijtimoiy tizimlar parachalanib, Rossiya ishtiroki qayta tuzila boshlandi.
Bu avvalo neft, gaz va boshqa foydali minerallarni yetkazib berish, yaʼni energetika xavfsizligi bilan bogʻliq. Rossiyadan siyosiy qaramlikka chek qoʻyish uchun YeI avvalo ruslarning neft va gaziga qaramlikdan qutulishi kerak edi. Bunga maʼlum darajada erishdi ham. Ammo muqobil variant topish talabi qoʻyildi. Qarabsizki, MO eng qulay variant boʻlib koʻrindi.
Keyingi muhim omil logistika, transport koridorlari bilan bogʻliq. Yangi dunyo tartibotiga koʻra, Xitoy Rossiya orqali oʻtgan yoʻllar oʻrniga MO orqali logistika tarmoqlariga eʼtibor qaratilmoqda. Xitoy va AQSh ziddiyatlari avj olayotgan bir paytda Xitoy okean orqali oʻtuvchi yoʻlga muqobil variant sifatida MO orqali yoʻl solishni tanlashga majbur. Yevropa ham oʻziga keluvchi tovarlar oqimi Rossiyani aylanib oʻtishi uchun MO bilan “doʻstlashishga” majbur boʻlmoqda.
Va keyingi eng muhim omil – dunyodagi qudratli davlatlar oʻrtasida ziddiyat va raqobat ortib borayotgan bir sharoitda har bir tomon siyosiy dividendlar olish maqsadida MOni oʻz tomoniga ogʻdirishga harakat qiladi. Markaziy Osiyo esa savdo-iqtisodiy va boshqa hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqib, turli kuchlar oʻrtasida dorboz kabi muvozanatda turishga intilmoqda.
Kezi kelganda aytish joiz, avvalari AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiziqishini faqat Afgʻoniston bilan va Rossiya bilan raqobatga bogʻlashar edi. Biroq 2022 yilda ushbu ikki omil ham dolzarbligini yoʻqotdi. Lekin Vashingtonning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasida Markaziy Osiyo Afgʻoniston kontekstidan qatʼi nazar, muhim ahamiyatga ega ekani belgilab qoʻyilgani mintaqaning yuqorida aytilgan sabablarga koʻra ahamiyatli ekanini isbotlaydi.
YeI va MO yaqinlashuvi sabab boʻlgan omillardan yana biri ham Rossiya bosqini bilan bogʻliq. Sir emas, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini Germaniya qattiq qoralagan va unga qarshi sanksiyalar joriy etganlarning boshida turibdi. MO davlatlari Rossiyaga iqtisodiy yaqinligi bois, bu vaziyatda neytral pozitsiyada. Bunday nozik sharoitda Yevropa Ittifoqida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qirgʻiziston orqali sanksiyaga kiritilgan tovarlar Rossiyaga borishi mumkinligi xususida xavotirlar mavjud. Sansiyalarni chetlab oʻtish masalasi YeI uchun ayniqsa muhim. Chunki qamal qilingan qalʼaga kimdir xufyona tovar kiritib tursa, qamaldan maʼno qolmaydi. YeI ham MO davlatlari sanksiyalarni aylanib oʻtishda Rossiyaga koʻmak bermasligini istaydi. Garchi MO yetakchilari zinhor bu masalaga aralashmasliklarini aytishgan boʻlsa-da, YeI va MO oʻrtasida pul mablagʻlari va tovarlar oqimi keskin oshgani qatʼiy qadamlar qoʻyishni, sanksiyalar kuchini kamaytirmasliklari uchun MOga qoʻshimcha siyosiy va iqtisodiy bonuslar berish masalasini oʻrtaga chiqaradi.
Agar bunday vaziyat davom etsa, yaʼni Rossiya mojarosi toʻxtamasa, YeI va MO aloqalari yanada kuchayishi tabiiy. Biroq vaziyat avvalgi oʻzaniga qaytsa, nima boʻladi, degan savol tugʻiladi.
Buning javobi oddiy – avvalo 2022 yilgacha boʻlgan davr endi qaytib kelmaydi. Agar vaziyat avvalgi holatiga qaytgan taqdirda ham katta resurs va investitsiyalar sarflab kashf etilgan muqobil variantlardan voz kechish qiyin. Chunki muammoning yana qaytarilmasligiga kafolat yoʻq. Qolaversa, insoniyat tarixidan maʼlumki, doʻstni koʻp, dushmanni oz deb boʻlmaydi. Yangi imkoniyat va yangi doʻstlar doimo kerak va doim dolzarb boʻlib qolaveradi.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.