Taniqli fizik olim vafot etdi
U nazariy fizika masalalarini kompyuterda algoritmlab yechishni Oʻzbekistonda birinchi boʻlib amalga oshirgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, taniqli fizik olim Nazar Toʻrayev 3 oktabr kuni 85 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Nazar Toʻrayev 1938 yili Denov tumanida tugʻilgan. Fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1988), fizika-matematika fanlari doktori (1980), professor (1982).
Nazar Toʻrayevning ilmiy ishlari atom zarralarning qattiq jismlar sirtida sochilishi nazariyasi, ionlarning birlamchi va ikkilamchi sochilishiga oid. U nazariy fizika masalalarini kompyuterda algoritmlab yechishni Oʻzbekistonda birinchi boʻlib amalga oshirgan. Uning rahbarligida lazer nuri bilan qishloq xoʻjalik ekinlari urugʻlarini nurlantirish ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan. Oʻzbekiston Oliy Kengashi deputati (1990-95). “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (1998).