Osiyo oʻyinlari: kun Oʻzbekiston uchun omadli boshlandi
Baydarka va kanoeda eshkak eshish baslarining soʻnggi starti Oʻzbekiston terma jamoasi uchun omadli kechdi.

Qizgʻin tus olayotgan Osiyo oʻyinlarining navbatdagi kuni oʻzbekistonliklar uchun omadli boshlandi.
Veloshossening shaxsiy poyga dasturida ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya oltin medalni qoʻlga kiritdi. 18.3 km masofaga kechgan poygada hamyurtimiz 24:36.99 daqiqa natija koʻrsatdi.
Shuningdek, 1000 metrga kanoechi yigitlar oʻrtasida kechgan poygada Shohmurod Xolmurodov hamda Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli juftligi marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtdi va oltin medalga sazovor boʻlishdi.
Baydarkada eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasidan yana bir medal. 500 metrga kechgan dasturda Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina hamda Yuliya Borzova kvarteti marra chizigʻini uchinchi boʻlib kesib oʻtdi va bronza medaliga sazovor boʻldi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish baslarining soʻnggi starti Oʻzbekiston terma jamoasi uchun omadli kechdi. Unda ayollar oʻrtasida 200 metrga kanoeda eshkak eshish boʻyicha juftlik bahslari boʻlib oʻtdi. Mazkur dasturda startga chiqqan Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova juftligi bronza medalini qoʻlga kiritdi.