Yuqori tezlikdagi avtomagistral quriladi
Doha shahrida Power International kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashuvda shu haqda soʻz bordi.

Oʻzbekistonda Power International Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan avtomobil magistrali barpo etiladi.
Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 oktabr kuni Doha shahrida kompaniya boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat bilan uchrashgan.
Shuningdek, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sogʻliqni saqlash obʼektlarini tashkil etish kabi loyihalar ham muhokama qilingan.
Ayni paytda kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi boʻladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.
Kompaniya tez orada Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochishi rejalashtirilgan.
Power International — dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport infratuzilmasi, sogʻliqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingidir.