platina.uz
Jamiyat

“Yuz-qoʻllarimiz qonligini pastga tushib bildik” – Sergelidagi portlashda jabr koʻrganlar

“Haliyam shokdaman, kun boʻyi bir necha marta qon bosimim uchun dori ichyapman, endi kreditini itday ishlab toʻlab boʻlgandim. Shu ham bormidi?”, zorlanadi qimirlab qolgan devorni koʻrsatib bir oʻqituvchi ayol.

“Yuz-qoʻllarimiz qonligini pastga tushib bildik” – Sergelidagi portlashda jabr koʻrganlar

Sergelidagi kuchli portlashdan keyin aholiga koʻrsatilayotgan amaliy va gumanitar yordamlar bilan tanishish uchun manzilga bordim. Quruvchilar metroga yetmasimdan bir-ikki bekat oldin koʻpgina maktab oʻquvchilari poyezdga chiqishdi.

— Ustoz, menga u maktab yoqmadi. Ertaga oʻzimizning maktabga boraylik!

— Bizning maktab toʻkilib yotibdiyu, qayerida oʻqiymiz?

Ustozlari jim. Oʻylayapman. Ahvolni his qilishni boshlayapman. Yoʻl soʻradim, “qizim, metrodan chiqishingiz bilan koʻrinadi, koʻrmay oʻtib ketadigan joy emas”, deyishdi. Hududni ajratib qoʻyishgan davlat va fuqorolar xizmatidagi hamma shu yerda. Qayta tiklash ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.

Muhitni his qilishimga ozroq vaqt ketdi. Soʻng koʻzimga birinchi koʻringan narsa derazalar edi. Portlagan omborxonaning shundoqqina oldida yoʻlning bu yuzidagi koʻp qavatli uylar oldidaman. Derazalar umuman qolmagan, yarim qismida qayta tiklash ishlari olib borilmoqda, hali navbat yetmagan oynalarga xalq topgan-tutganini tutib qoʻygan. Oynasi sinib tushgan mashina, qurilgan palatkalar, avtobuslar, tez tibbiy yordam mashinalari va obodonlashtirish xodimlari favqulodda muhit yaratmoqda.

Aholi yashayotgan hududga kirib, odamlardan hol-ahvol soʻradim. Oʻn ikki yoshli qizi bilan yashayotgan opa "qizimga hech narsa qilmadi, ammo meni", deydiyu oyna tilgan qoʻl-oyoqlarini koʻrsatadi. “Qoʻrqanimdan bilmabman, hozir ikki-uch joyimni tikishgan”, deydi. Bugun tunda qayerda edingiz, dedim xavotir olib. “Kecha kechqurun uyda yotmoqchi edik, eshik, deraza boʻlmasa ham, chunki Toshkentda boshqa yaqinimiz yoʻq. Ammo qoʻyishmadi. Mehmonxonaga olib ketishdi. Ertalab nonushta qilib keldik. Tushlikka osh tarqatishdi”, deydi muhimi qizi yaxshiligidan mamnun ona.

“Shu tunda qizim bilan uyqumiz kelmadi. Bir payt derazadan yongʻinni koʻrdik. Keyin kerakli narsalarimizni yigʻishni boshladik. Hali eshikni ochmasimizdan orqadan zarba keldi. Eshik bilan birga tashqariga chiqib qoldik”, deydi jiyanining qoʻrqqanidan lift ishlaydi deb oʻylab unga yugurgan, ammo natijada lift oldida jarohatlanganini aytayotgan xola.

Koʻp qavatli uyning yuqorisiga koʻtarilar ekanman, talafot bir muncha yengillashayotganday, ammo har bir qavatga koʻtarilish qiyin boʻlyapti. Chunki zinalarda oʻsha kuni qoʻrquvdan nima boʻlayotganini bilib-bilmay pastga yugurganlarning qotgan qonlari...

“Portlash ovozidan uygʻondik. Qarasak, hammayoq qizil, tutun. Jon holatda bolalar xonasiga yugurdik, ular bizni koʻrib yigʻlardi. Turmush oʻrtogʻim bilan ularni mahkam quchoqlab pastga tushdik. Tez yordam mashinasi oldiga borganda erim bilan yuz-qoʻllarimiz qon ekanini bildik. Bolalar bizni koʻrib qoʻrqishayotgan ekan”, deb yuzlariga bint bogʻlangancha yigʻlamsiraydi. “Bugun tunda bolalarimni uxlatolmadim, — deydi gapini davom ettirib, — oʻgʻlim "oyi, bugun ham paqillasa-chi?", deb soʻrayverdi. Ular hozir akamnikida, uyga bormaymiz deyishyapti”, bolalari qoʻrqib qolganini xavotir bilan aytadi boyaqish ona.

“Ayolimga qarama, desam ham, qaradi. Yuziga shisha siniqlari kirgan, hozir shifoxonada”, deydi bir amakining jahli chiqib.

“Haliyam shokdaman, kun boʻyi bir necha marta qon bosimim uchun dori ichyapman, endi kreditini itday ishlab toʻlab boʻlgandim. Shu ham bormidi?”, zorlanadi qimirlab qolgan devorni koʻrsatib bir oʻqituvchi ayol.

Odamlar bilan gaplashib, oʻsha qon zinalardan pastga tushyapman. Endi sezdim, qon qoldiqlari pastga tushganim sari koʻpayib boryapti. Meni xursand qilgani — yordamlarning vaqtida qilinayotgani. Koʻryapman, uyidagi tiklash ishlari bitguncha bir ona yigʻlayotgan bolasini hovlida ovutib yuribdi.

Xalqimiz juda mehribon, qayerda bir-birini koʻrayotganlar "qoʻshni, tinchmisizlar, sogʻmisizlar?", deb hol-ahvol soʻraydi. Xavotir oladi, qaygʻuradi. U yerdan uch-toʻrt soatda zoʻrgʻa chiqib ketdim. Yuzlarimda, sochlarimda chang, koʻzimda yosh, ichimda bir gʻashlik bilan qaytdim...

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid