Oʻzbekistonlik baydarka va kanoechilar finalda kurash olib boradi
Ayollar dasturidan soʻng baydarkachi yigitlar ham 500 metrga eshkak eshish dasturida final yoʻllanmasiga ega boʻlishdi.

Xitoyda davom etayotgan Osiyo oʻyinlarida Yekaterina Shubina hamda Arina Tanatmisheva juftligi baydarkachi qizlar oʻrtasida 500 metrga kechgan saralash bahslarida munosib ishtirok etdi. Xitoylik juftlik bilan keskin raqobat olib borgan hamyurtlarimiz kichik farq bilan mezbonlarga imkoniyatni boy berib, ikkinchi oʻrinda marra chizigʻini kesib oʻtishdi.
Bu natija final uchun yetarli boʻldi.
Ayollar dasturidan soʻng baydarkachi yigitlarimiz ham 500 metrga eshkak eshish dasturida final yoʻllanmasiga ega boʻlishdi. Denis Onufriyev hamda Ozodjon Amriddinov juftligi saralashda 1:38.285 daqiqada uchinchi boʻlib marraga yetib keldi va finalchilar qatoridan joy oldi.
Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Artur Guliyev hamda Kamron Ahtamovdan iborat kanoeda eshkak eshish boʻyicha juftlik 500 metrga kechgan saralash dasturida muvaffaqiyatli qatnashdi. Hamyurtlarimiz 1:48.098 daqiqada oʻz guruhlarida birinchi boʻlib finishga kelishdi va final masalasini ijobiy hal qilishdi.
Incheon-2014 Osiyo oʻyinlari gʻolibi Yekaterina Voronina yana bir chempionlik sari yurishini boshladi. Yengil atletikaning koʻpkurash dasturida qatnashayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi 100 metrga toʻsiqlar osha yugurish yoʻnalishida 14.47 soniya natija qayd etib, oʻz hisobiga 912 ochko yozib qoʻydi.
Shuningdek, u balandlikka sakrash dasturida 1.82 metr bilan 1003 ochkoga ega boʻldi. Qayd etish joiz, Voronina har ikki dasturda mavsumdagi eng yaxshi natijasini koʻrsatdi.