platina.uz
Jamiyat

Sirli tarix: Budda ibodatxonasi va temuriylar eʼzozlagan alloma

Ayrim xonalarning devori ostida Budda haykallari va ularni oʻrnatish uchun supa-tagkursilar qurilgan

Sirli tarix: Budda ibodatxonasi va temuriylar eʼzozlagan alloma

27 sentabr turizm kuni shu sababli sizni yurtimizning yana bir uzoq tarixga ega, sir sinoatlarga boy, necha yillar tarixiga guvoh arxelogik topilmalar topilgan qanchadan qancha tarix qissalariga guvoh yana bir yodgorlik bilan tanishtirmoqchimiz.

Fayoztepa buddaviylik monastiri — Eski Termiz mil. 1-3 asrlar - mil. 1-3 asrlarga oid vixara tipidagi buddaviylik monastir-ibodatxonasi. Termiz shahri yaqinidagi Eski Termiz shahar xarobalarining shimoli-gʻarbida Qoratepadan 1 km shimoli-sharqda joylashgan.

Fayoztepaning ochilishi 1968 yilning bahorida choʻpon Absad Beknayev tomonidan mergeliy ohak toshidan ishlangan budda sanamini koʻchma qum ustidan topib, Termiz oʻlkashunoslik muzeyiga topshirishidan boshlangan. Yodgorlik 1968-76 yillarda arxeolog L.I.Albaum tomonidan oʻrganildi. Fayoztepa maydoni uchma qumlar uyumidan tozalangach, uning meʼmoriy tarhi ochilib, u 3 qismdan iborat monumental inshoot, yaʼni markaziy qismi toʻgʻri toʻrtburchak ayvonli hovlili ibodatxona va uning atrofi boʻylab joylashgan 20 ta xonadan iborat boʻlgan. Uning shimoli-gʻarbida monastir, janubi-sharqida esa xoʻjalik qurilish inshootlari aniqlangan. Binoning umumiy uzunligi 117 metrga, kengligi 34 metrga teng boʻlgan. Majmuaning umumiy maydoni 1,5 ming kv. m ga yaqin.

Monastir maydonida joylashgan xonalarda rohiblar va monastir talabalari istiqomat qilishgan, monastirda oʻquv xonalari va zallari, ziyoratchilar toʻxtab oʻtadigan yotoqxonalar joylashgan. Xonalar devorlarida pilta chiroq yoritqichlari uchun tokchalar ishlangan. Ayrim xonalarning devori ostida Budda haykallari va ularni oʻrnatish uchun supa-tagkursilar qurilgan. Demak, rohib va talabalar hamda ziyoratchi sayyohlar markaziy ibodatxonada diniy marosimlar toʻxtagan vaqtda oʻz ibodatlarini monastir sajdagohlarida amalga oshirganlar. Fayoztepa Eron sosoniylarining bosqinchiligi natijasida xarobaga aylangan.

Qirqqiz qalʼasi - Surxondaryo viloyatidagi meʼmoriy yodgorlik boʻlib 9-10 asrlarda bunyod etilgan. Termiz tumanida (vayrona holida saqlangan). Tadqiqotchilar tomonidan ushbu yodgorlik oʻtmishda qanday vazifada foydalanganligi haqida turli farazlar mavjud. Shahar tashqarisidagi zodagon saroyi, qizlar madrasasi, xonaqoh, karvonsaroy va hokozo. Oʻrta asrlarda Termiz shahrining tashqarisida joylashganligi qalʼa shahar tashqarisidagi qoʻrgʻon vazifasini oʻtaganligini koʻrsatadi. U dunyo tomonlariga moslab qatʼiy mujassimotda bunyod etilgan. Qalʼa toʻrtburchak tarhli (53,3x54,8 metr), bir qavatli, faqat yoʻlaklar umumiy balandlikda ikki qavatli boʻlib, xom gʻisht (30x30x5 sm)lardan qurilgan. Toq va ravoqlarida shu oʻlchamdagi pishiq gʻishtlar ham ishlatilgan. Qalin devor bilan oʻralgan (tashqi devor qalinligi 2-2,5 metr), burchaklari hajmdor burjlar bilan mustahkamlangan; burjlar oraligʻida toqlar bilan yopilgan ayvonlar joylashgan, tarzlariga bir maromda takrorlanuvchi tuynuklar ishlangan. Qalʼaning barcha xonalari va markazdagi sahn (11,5x11,5 metr) oʻzaro yoʻlaklar bilan bogʻlangan; markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal boʻlgan deb taxmin qilinadi. Ayvon va yoʻlaklar binoni toʻrt qismga boʻlgan. Bular ikkita bir xil tuzilgan (besh xona va uch tomonidan oʻralgan yoʻlak, eni 2,1 metr) shimoli – gʻarbiy va shimoli – sharqiy hamda ikkita janubi – gʻarbiy ( ikkita yoʻlakcha bilan bogʻlangan beshta xona) va janubi – sharqiy (yoʻlakcha bilan bogʻlangan ikkita xona va uch ustunli katta mehmonxona) qismlardir. Yoʻlaklar va xonalar devordagi tuynuklar orqali yoritilgan. Qirqqiz yopmasida balxi hamda kesishgan gumbazsimon toqlar, boshqa turdagi gumbazlar, toqlar va ravoqlar qoʻllanilgan.

Ogʻzaki maʼlumotlarga koʻra, xalq dostonlarida zikr etilgan dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz Guloyim va uning qirq dugonasi aynan shu yerda yashagan. Shuningdek, 20 asrgacha xalq tomonidan Qirqqiz qalʼasi joylashgan hududlar “Shahri Somon” deb ham atalgan. Shu munosabat bilan biz Termiz sayyidlari va somoniylarning kelib chiqishi haqidagi tadqiqotchilarning fikrlarini baham koʻramiz. Professor A.Semyonov 20 asr boshlarida Salovotlik mullalar qoʻlidan “Saadiya” nomli qoʻlyozmani oladi. Unda yozilishicha somoniylar sulolasi Termiz yoki Balx yaqinidagi Somon qishlogʻidan kelib chiqqan. 9-asr ikkinchi yarmida aniqrogʻi 865 yilda Termiz sayyidlari asoschisi Hasan al-Amir Balxdan Termizga koʻchib keladi. Koʻchib kelishda unga sosoniy sarkarda Bahrom Choʻbinning avlodidan boʻlgan Arkak yordam beradi. Arkak bunyod yetgan Somon qishlogʻida uning oʻgʻli,somoniylar sulolasi asoschisi Asad Somoniy dunyoga keladi. “Saadiya” da yozilishicha Ismoil Somoniy oʻzining kelib chiqishi va ajdodlarining Hasan al-Amir tomonidan qoʻllab-quvvatlanganligini yeslab har yili Termizga kelib turgan. Sayyidlarga koʻplab yordamlar berib turgan. Ushbu aloqalar tufayli keyinchalik Ismoil Somoniy qizi Mohi Simni Termiz sayyidlaridan Amir Abdulloga turmushga bergan. Ularning avlodlari esa xudovanzodalar deb atalgan. A.A.Semyonov va M.Ye.Massonlar ushbu qoʻlyozmada koʻplab noaniqliklar borligini taʼkidlashgan. Shunga qaramay baʼzi tadqiqotchilar yuqoridagilarning barchasi tarixiy boʻlgan voqea va Termizdagi Qirqqiz qalʼasi somoniylar avlodlarining qasri boʻlgan degan fikrlarni ilgari surishadi. Lekin arxeologik tadqiqotlar Qirqqiz yodgorligi 13-15-asrlarda bunyod etilganligini koʻrsatmoqda.

Al-Hakim at-Termiziy toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziydir. U 9 asrda yashagan boʻlib, yoshlik yillarida oʻz yurtida taniqli olimlardan taʼlim olgan. Ilmini takomillashtirish maqsadida Sharq mamlakatlarining koʻplab shaharlarida, jumladan, Balx, Nishopur, Bagʻdod, Makka va Madinada boʻladi. Oʻsha davrning yirik allomalari bilan ilmiy bahs va munozaralarda ishtirok etadi.

Termiziy qalamiga mansub asarlar koʻp. U 400 dan ortiq asar yozgan, ulardan 60 ga yaqini bizgacha yetib kelgan. Ular orasida Muhammad (sav) hadislariga bagʻishlangan “Navodir al-usul fi maʼrifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”), “Kitob haqiqat al-odamiya ” (“Insoniyat haqiqati toʻgʻrisida kitob”), “Adab un-nafs” (“Nafs odobi”), “Kitob ul-hajj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”), “Kitob us-so-alot va maqosiduho” (“Namoz va uning maqsadlari”), “Kitob ul-juma al- lozim maʼrifatiho (“Bilish lozim boʻlgan jumlalar”), “Xatm ul-avliyo” kabi asarlari mashhur. “Xatm ul-avliyo” asarida Termiziyning valiylik haqidagi qarashlari keng bayon qilingan. Valiylikning haqqoniyligi, uning nubuvvat (paygʻambarlik) bilan bogʻliq boʻlgan jihatlari asarning bosh mavzusi hisoblanadi. Termiziyning fikricha, aql-zakovat oʻzlashtira oladigan yeng oliy bilim-maʼrifat yoki hikmatdir, bu – inson qalbini yorituvchi “ilohiy nur”dir. Turfa ilmlarni oʻqib-oʻrganish jarayonida uni egallash mumkin, ammo asl maʼrifat Allohning oʻzi yarlaqagan zotlargagina nasib boʻladi. Termiziy soʻfiy avliyolarni ana shunday zotlar sirasiga kiritadi. Ilm –fanning turli sohalarida mashhur boʻlganligi uchun Termiziyni zamondoshlari “al-Hakim” deb ulugʻlashgan.

Al-Hakim at-Termiziy 9-asr oxiri 10 asr boshlarida vafot etgan. Uning qabri ustida maqbara qurilgan. Va mana shu maqbara atrofida 9-15 asrlarda al- Hakim at-Termiziy meʼmoriy majmuasi buyod etilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat ushbu majmua turli davrlarda qurilgan. Dastlab xom gʻishtdan Hakim Termiziyning oʻzi mudarrislik qilgan xonaqoh qurilgan. Allomaning vafotidan soʻng uning qabri ustida maqbara qurilib, muqaddas ziyoratgohga aylangan. Maqbara shimolida 11-12-asrlarda 3 gumbazli, ravoqli yoʻlak koʻrinishidagi namozgoh masjidi hamda bir necha qoʻshimcha xonalar qoʻshilgan. Masjidning gʻarbiy devori markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi boʻrtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi oʻyma ganch bezaklar oʻziga xos. Masjid ustunlari gʻishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga oʻtilgan. Maqbara ichi ganch oʻymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. Maqbara ichidagi oq marmar sagʻana temuriylar davridagi tosh oʻymakorligi sanʼatining yuksak namunasidir. Sagʻana 3 pogʻonali asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, oʻrta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning markaziy (oʻrta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan. Sagʻanadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati tavsiflangan. Temuriylar hukmronligi davrida (15 a.) xonaqoh baland asos (balandligi 1,5 m.) ustiga pishiq gʻishtdan qayta qurildi.

Al Hakim at-Termiziy meʼmoriy majmuasida 1955-1957 yillarda rekostruksiya ishlari olib borilib, majmua 15 asr holatiga qaytarilgan. 1980-1981y., 2001-2002 y., 2006-2010 y. va nihoyat 2016-2017 yillarda keng qamrovli restavratsiya ishlari amalga oshirilib, majmua hududi obodonlashtirildi. Karmanalik ustalar tomonidan bunyod etilgan yangi marmar sagʻana oʻrnatildi. Eski temuriylar davrida qurilgan sagʻana esa majmua hududida joylashgan Termiz va Termiziylar tarixi muzeyida namoyish etilmoqda.

Fazilat Soib

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid