Chilonzordagi kesilgan daraxtlar ataylab quritilgani maʼlum boʻldi
Vaʼda berishlaricha, daraxtlar kesilgan hududda 30 ta daraxt va 1020 ta buta ekilishi rejalashtirilgan.

Toshkentning Chilonzor tumani Lutfiy koʻchasidagi daraxtlar 2021 yilda polietilen plyonka bilan yopib chiqilgani sabab qurib qolgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi maʼlum qildi.
Aytilishicha, 2022 yilda holat oʻrganilib, prokuratura organlariga quriganlik holati boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shu yilning avgust oyida ichki ishlar organlariga surishtiruvga berilgan. 2022 yilning sentabr oyida esa hujjat tugatilgan.
Keyinchalik 28 tup shumtol va 1 tup zarang daraxti Toshkent botanika bogʻi mutaxassisi va tuman ekologiya boʻlimi masʼullarining 2023 yil 14 sentabrdagi xulosasiga asosan qurigani sababli kesilgan.
Joriy yilning may oyida yogʻingarchilik va shamol tufayli qurigan daraxtlardan biri qulab tushgan va yoʻl yopilib, aholiga va yoʻlovchilarga ancha noqulaylik keltirib chiqargan. Lutfiy mahallasi aholisidan esa qurigan va yoʻlovchilar hayoti uchun xavfli boʻlgan daraxtlarni kesib olib tashlash hamda oʻrniga boshqa oʻsimliklar ekish boʻyicha murojaatlar ham kelib tushgan.
Vaʼda berishlaricha, daraxtlar kesilgan hududda 30 ta daraxt va 1020 ta buta ekilishi rejalashtirilgan.
Holat boʻyicha bugungi kunda Bosh prokuratura tomonidan avvalgi holat hamda xulosa berilishi holatlariga huquqiy baho berish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda.