BYD mashinalari yanada arzonlashishi mumkin
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va BYD kompaniyasi prezidenti Van Chuanfu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda maʼlum boʻlgan.

Oʻzbekistonda Xitoyning BYD mashinalari narxi yanada arzonlashishi mumkin. Chunki mahsulot tannarxini kamaytirish uchun butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, avtomobillarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish rejalashtirilgan.
Bu haqda bugun oʻtgan Shavkat Mirziyoyev hamda BYD kompaniyasi prezidenti va asoschisi Van Chuanfu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda maʼlum boʻlgan.
Uchrashuvda kompaniyaning Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirish, Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni tezlashtirish va quvvatini 300 ming donaga yetkazish masalalari ham koʻrib chiqilgan.
Shuningdek, BYD elektrobuslarini yetkazib berish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha muhandislik-servis markazlarini ochish rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, BYD kompaniyasi zamonaviy elektromobillar va yangi avlod akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida global yetakchi hisoblanadi. Bir yilda 2 million dona mashina ishlab chiqaruvchi ushbu konsern dunyo avtomobil sanoati rivojlanishining asosiy tendensiyalarini belgilab bermoqda.