Sirdaryodagi toʻrtta "ogʻir hudud"da ishlar boshlandi
Prezident maslahatchisi birinchi oʻrinbosari Qahramon Sariyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari uyma-uy yurib oʻrganishlar olib bordi.
Prezident topshirigʻiga asosan Sirdaryo viloyatida ham “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy qilish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Dasturga muvofiq Xovos tumanidagi Oqchangal, Guliston tumanidagi Inoqlik, Sayxunobod tumanidagi Yangi hayot hamda Oqoltin tumanidagi Mustaqillik mahallalari ogʻir hudud sifatida belgilab olingan.
Ushbu hududlar aholisini oʻylantirib kelayotgan muammolarga oʻz vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Prezident maslahatchisi birinchi oʻrinbosari Qahramon Sariyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari uyma-uy yurib oʻrganishlar olib bordi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida qator ijobiy ishlar qilindi. Jumladan, mahallalardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash borasida 19 kilometrdan ziyod ichki yoʻllarga asfalt yotqiziladi. Ayni vaqtgacha 345 ta eski yogʻoch elektr ustunlar yangi temir-beton ustunlarga almashtirildi, 7 kilometrga yaqin yangi elektr sim tarmoqlari tortildi, 7 dona yangi transformator oʻrnatildi.
Tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 1 kilometr gaz tarmogʻi qurilib, 900 metr quvurlar joriy taʼmirlandi. Fuqarolar murojaati asosida hududlarga 600 ga yaqin qoʻshimcha suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Obod koʻcha mezoni boʻyicha bugungi kunda ushbu mahallalardagi 31 ta koʻchalarda obodonlashtirish va tozalash ishlari olib borilib, buning uchun 550 nafar ishchi va 75 ta texnika jalb etildi. Hududlardagi barcha qabristonlarda ham obodonlashtirish, mavjud daraxtlarga shakl berib, devorlarni oqlash ishlari olib borilmoqda. Ogʻir sharoitda yashayotgan 22 oila xonadoni toʻliq taʼmirlanib, hovlisi obodonlashtirilib berildi.
Bundan tashqari, qish mavsumi oldidan mingdan ziyod xonadonda texnika xavfsizligi talablariga amal qilinishi, isitish pechkalari (koʻmir, oʻtin va suyultirilgan gazga moslashtirilgan pech va plitalar)ni mavsumga tayyorgarlik holati toʻliq oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Aholi salomatligini himoya qilish maqsadida 2 ming nafarga yaqin fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Natijada viloyat va tuman sogʻliqni saqlash muassasalarida davolanishga ehtiyoji bor 69 nafar fuqaroga davolanish uchun bepul yoʻllanma berildi.
Oqoltin tumani Mustaqillik mahallalaridagi 16 ta koʻp qavatli uylarning fasad qismi va kirish yoʻlaklari taʼmirlanib, 8 tasini tom qismi almashtirilmoqda. Shuningdek, mazkur koʻp qavatli uylar olida 5 ta yangi bolalar maydonchasi va 1 ta "Workout" maydonchasi qurib beriladi.
Xovos tumani Oqchangal va Guliston tumani Inoqlik mahallalari uchun yangi bino qurilib, qolgan 2 ta mahalla binosi rekonstruksiya qilinadi.
Oqchangal, Inoqlik, Yangi hayot va Mustaqillik mahallalaridagi 6 ta maktab, 3 oilaviy poliklinika joriy taʼmirlanadi.