platina.uz
Sport

Osiyo oʻyinlari: sportchilarimiz 7 ta medal bilan boshlashdi

Oʻzbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida 5-oʻrinda boryapti.

Osiyo oʻyinlari: sportchilarimiz 7 ta medal bilan boshlashdi

Xitoyning Xanjou shahrida oʻtayotgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlari doirasida 24 sentabr kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi 14 ta sport turi boʻyicha bahslarda qatnashib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallarni qoʻlga kiritishdi va umumjamoa hisobida 5-oʻrinda boryapti.

Akademik eshkak eshish

Oʻzbekistonliklar uchun ilk medal «Pochin» akademik eshkak eshish boʻyicha ayollar oʻrtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova hisobiga yozildi. Bu juftlik final dasturida marra chizigʻini ikkinchi boʻlib kesib oʻtdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Akademik eshkak eshish boʻyicha erkaklar oʻrtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev bronza medalga sazovor boʻldi.

Navbatdagi medal akademik eshkak eshishning M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev va Mehrojbek Mamatqulov tomonidan qoʻlga kiritildi — kumush.

Kunning toʻrtinchi medali ham eshkakchilar jamoasi tomonidan olib kelindi — M2 dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchilar Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev marra chizigʻini ikkinchi boʻlib kesib oʻtib, delegatsiya hisobiga uchinchi kumush medalni qoʻshib qoʻyishdi.

Ammo soʻnggi dasturda 8 kishilik ekipaj marra chizigʻiga toʻrtinchi boʻlib yetib keldi va jamoa navbatdagi medaldan quruq qoldi.

Stol tennisi

Oʻzbekistonlik stol tennischilari pley-off bosqichidagi yurishini chorakfinal ostonasida tugatdi. Vetnamga qarshi bahs olib borgan Marhabo Magdiyeva, Rozalina Xadjayeva hamda Asel Erkebayevadan iborat jamoa 0:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi.

Zamonaviy beshkurash

Tokio-2020 Olimpiadasi qatnashchisi Alise Faxrutdinova zamonaviy beshkurash boʻyicha ayollar oʻrtasidagi yakkalik bahslarini 1327 ochko bilan 7-oʻrinda yakunladi. Ushbu natija Faxrutdinovaga Parij-2024 Olimpiadasi yoʻllanmasini taqdim qildi.

Qilichbozlik

Qilichbozlik boʻyicha bellashuvlarda ham bir medal qoʻlga kiritildi. Erkaklar oʻrtasidagi rapira dasturida ishtirok etgan oʻzbekistonlik sportchilar final bosqichiga yoʻl ololmadi. Muhammad Yusuf Asranov 1/8 finalda, Doniyor Saʼdullayev esa guruh bosqichida ishtirokini yakunladi.

Ayollar oʻrtasidagi shpaga boʻyicha bahslarda esa Dilnaz Murtazayeva chorakfinalda yaponiyalik Sato Nozominini 15:14 hisobida magʻlubiyatga uchratib, yarim finalga chiqdi va amalda kamida bronza medalini naqd qilgandi.

Ammo 17 yoshli sportchi yarim finalda janubiy koreyalik Injeong Choiga 12:15 hisobida yutqazib, bronza bilan kifoyalanishga majbur boʻldi. Shu bilan birga, bu oʻzbekistonlik sportchilar uchun qilichbozlik dasturida qoʻlga kiritilgan ilk medal boʻldi.

Oʻzbekistonning toʻrtinchi vakili Shahzoda Egamberdiyeva esa munosib ishtirok etganiga qaramay, yakunda medalsiz qoldi.

Dzyudo

Bugun dzyudochilar jamoasi ikki medal oldi. Dastlab -48 kg. vazn toifasida Halima Qurbonova dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston jamoasining ilk medaliga ega chiqdi. U dastlab turkmanistonlik raqibini vazari bahosi bilan magʻlub etdi, keyin chorak finalda xitoylik sportchiga yutqazdi, uning raqibi finalga chiqqach, chorak final uchun kurashadigan boʻldi, dastlab hongkonglik sportchini ippon bahosi bilan yengdi, bronza medal uchun bahsda janubiy koreyalik Hekeong Liga qarshi tatamiga chiqishi kerak edi. Biroq raqib sportchi kurashmagani uchun Qurbonova toʻgʻridan-toʻgʻri sovrindorlar qatoridan joy oldi.

-52 kg. vazn toifasida qatnashgan Diyora Keldiyorova esa Oʻzbekiston delegatsiyasiga ilk oltin medalni taqdim etdi. U ishtirokini chorak finalda boshladi va tojikistonlik Ahliya Moʻminovani ippon bahosi bilan yengdi, yarim finalda moʻgʻulistonlik raqibini vazari bahosi bilan yengdi, finalda esa BAA vakili Birshelt Xorlodoini magʻlubiyatga uchratib, oʻz gʻalabalari orasiga Osiyo oʻyinlari chempionligini ham qoʻshib qoʻydi.

Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda -60 kg. vazn toifasida qatnashgan Dilshod Baratov ilk jangdayoq koreyalik raqibiga ippon bahosida yutqazdi, -66 kg. vazndagi Sardor Nurillayev dastlab turkmanistonlik Hakim Agammedovni vazari bahosi bilan yengdi, keyin qozogʻistonlik Gusman Kirgizbayevni ippon bahosi bilan magʻlub etdi, ammo yarim finalda moʻgʻulistonlik sportchiga ippon bahosida yutqazdi, bronza uchun bahsda asli moʻgʻulistonlik, bu turnirda BAA vakili sifatida qatnashgan Narmandax Bayanmunxga ham magʻlub boʻlib, medalsiz qoldi.

Boks

Oʻzbekistonlik ikki bokschi keyingi bosqichga oʻtdi. 1/16 finalda Toʻrabek Habibullayev -80 kg. vazn toifasida nepallik Dipak Shreshtani magʻlub etdi (5:0).

Ishtirokini 1/8 finalda boshlagan Nigina Oʻktamova (-54 kg.) filippinlik Irish Magnoni 5:0 hisobida magʻlub etdi va Oʻzbekiston ayollar boks jamoasi tarixida Osiyo oʻyinlarida birinchi bosqichdan oʻtgan ilk sportchiga aylandi.

Shaxmat

Grossmeysterlar ham Osiyo oʻyinlarining medallari uchun ishtirokini boshladi. Birinchi kungi bahslarda Nodirbek Abdusattorov (2731) avvaliga Husayn Nazedni (Qatar), keyin qozogʻistonlik Rinat Jumaboyevni, Javohir Sindorov (2617) esa Shri-Lanka vakili bilan durang oʻynadi.

Nilufar Yoqubboyeva (2232) koreyalik Sarang Kimni (1435) yengdi, xitoylik Zu Jinerga yutqazdi. Umida Omonova (2183) kuvaytlik Amina Alavadhini (1373) va indoneziyalik Sukanderni magʻlubiyatga uchratdi.

Tennis

Sergey Fomin — Badr Al-Qahtoni (Kuvayt) 6:0, 6:4
Humoyun Sultonov — Oqil Xon (Pokiston) 6:0, 6:1
Oʻzbekiston 2 - Indoneziya 2. Erkaklar, juftlik. 2:6, 5:7
Sabrina Olimjonova - Sofiya Xuyn (Viyetnam). 6:0, 6:0.
Oʻzbekiston 1 - Kuvayt 1. Erkaklar, juftlik. 6:3, 6:1

Oʻq otish

Muxtasar Tohirova saralash bahslaridan oʻta olmadi.

Sport gimnastikasi

Asadbek Azamov, Rustam Neʼmatov, Humoyun Islomov va Ravshan Komiljonovdan iborat jamoa saralashdan oʻta olmadi.

Ushu

Aziz Qahramonov finalda 8-oʻrinni egalladi.

Chim ustida xokkey

Oʻzbekiston jamoasi Hindistonga qarshi 1-turda 0:16 hisobida yutqazdi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid