platina.uz
Siyosat

3 oy ichida 145 ta mahallaga ilk bor toza suv kirib borishi kerak

Prezident ichimlik suvi taʼminotiga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilishda “Oʻzsuvtaʼminot”ga shu topshiriqni berdi.

3 oy ichida 145 ta mahallaga ilk bor toza suv kirib borishi kerak

“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va taʼmirlash vazifasi qoʻyildi. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand boʻladi, 2 mingta mahalladagi taʼminot yaxshilanadi.

Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalari boʻyicha tanqidiy yigʻilish oʻtkazdi.

Davlat rahbari viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelgusi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritishni topshirdi. Bunda suv taʼminoti darajasi past 30 ta tumanga alohida eʼtibor qaratish kerak boʻladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qoʻshrabot tumanida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, Buxoro va Jizzax shaharlarida oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishini ham koʻrib chiqdi.

"Buxorodagi ishlar xarajati maqbullashtirilgani bu borada namuna. Xususan, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish boʻyicha 281 million dollarlik loyihaning 75 million dollari iqtisod qilingan. Bu mablagʻ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkin", dedi prezident.

Soʻnggi olti yilda ichimlik suvi sohasiga davlat byudjetidan 14 trillion 500 milliard soʻm yoki oldingi davrga nisbatan 6 baravar koʻp mablagʻ ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari oʻtkazilgan, 1200 ta suv inshootida qurilish-taʼmirlash boʻlgan. Bu ishlar natijasida mingta mahalladagi 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib borgan.

Lekin hali 30 ta tuman va 1400 ta mahallada ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash talab etiladi. Ayrim nasoslar, soha korxonalariga tegishli maxsus texnikalar eskirgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid