platina.uz
Iqtisod

Madaniy meros agentligi OʻzA va "Sharq" binolari sotilmasligini maʼlum qildi

Agentlik ushbu masala yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ogohlantirish joʻnatgan 

Madaniy meros agentligi OʻzA va "Sharq" binolari sotilmasligini maʼlum qildi

Madaniy meros agentligi auksionga qoʻyilishi aytilgan OʻzA va "Sharq" binolari sotilmasligini eʼlon qildi.

20 sentabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “e-auksion” elektron savdo platformasi orqali Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 41 hamda 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmualar (7014597-lot raqami bilan roʻyxatga olingan) sotuvga qoʻyilgani maʼlum boʻldi.

Binolar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil, 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari milliy roʻyxatiga madaniy meros obʼekti sifatida kiritilgan.

Obʼekt 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat boʻlib, umumiy maydoni 60 736,0 m2 ni tashkil etadi.

“Madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obʼektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan.

“Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasi uchinchi xatboshiga asosan moddiy madaniy meros obʼektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bogʻlari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib eʼtirof etilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obʼektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21 sentabr kuni ogohlantirish berildi.

Eslatib oʻtamiz, 20 sentabr kuni tarqatilgan xabar koʻra, “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari Uchtepa tumani, Katta Xirmontepa koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan yangi bino-inshootlarga koʻchirilishi belgilangandi.

Shu bilan birga, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 42-uyda joylashgan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA)ning maʼmuriy binosi Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy manzilidagi Matbuot uyiga koʻchirilishi aytilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid