Qozogʻistonda ilk bor "xorijiy agentlar" nomlari eʼlon qilindi
"Xorijiy agent" maqomi Rossiyada keng tarqalgan.

Qozogʻiston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qoʻmitasi oʻz saytida “xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar hamda chet elliklardan pul yoki boshqa mol-mulk oluvchi” shaxslar va tashkilotlar roʻyxatini eʼlon qildi. Birinchi marta nashr etilgan reyestr 240 qatorni oʻz ichiga oladi.
Qozogʻistonning xorijiy agentlari roʻyxatiga "Gazprombank" vakolatxonasi,Reuters Rossiya eksport markazi, Sibur injiniring va burgʻulash kompaniyasi va Kiyev vitamin zavodi kiritilgan.
Roʻyxatda inson huquqlari boʻyicha Qozogʻiston xalqaro byurosi, Qozogʻiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Masa.media” nashri, jurnalistlar Aynur Koskina va Dmitriy Dubovitskiy, parlament deputatligiga sobiq nomzod Dinara Yegeubayeva ham qayd etilgan.
Daromadlar qoʻmitasining tushuntirishicha, 2022 yilda Soliq kodeksining 29-moddasi oʻzgartirilgan. Endilikda boʻlim xorijdan moliyaviy yordam yoki mulk olganlar roʻyxatini eʼlon qilishi kerak. Rasmiylarning aytishicha, yangi qoidalar “fuqarolarning ham davlat, ham nodavlat tashkilotlarga ishonchini mustahkamlashga olib keladi".
Eslatib oʻtamiz, "xorijiy agent" maqomi Rossiya qonunchiligida ham uchraydi. Ayniqsa Ukraina urushi boshlangandan soʻng, aksariyat yetakchi OAVlar va jurnalistlar bu roʻyxatda kiritildi. Hatto yaqinda Nobel mukofoti sovrindori Dmitriy Muratov ham "xorijiy agent" deya eʼlon qilingandi.




