Qorabogʻda rus harbiylari halok boʻlgani uchun Aliyev Putindan uzr soʻradi
Halok boʻlganlar orasida Rossiya tinchlikparvar kontingenti qoʻmondonining siyosiy tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari ham bor.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya rahbari Vladimir Putindan Qorabogʻda besh nafar rossiyalik askarning halok boʻlgani munosabati bilan uzr soʻradi va hamdardlik bildirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bergan.
Halok boʻlganlar orasida Rossiya tinchlikparvar kontingenti qoʻmondonining siyosiy tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari ham bor.
Rossiya Mudofaa vazirligi bir kun avval Qorabogʻda rossiyalik tinchlikparvar kuchlar halok boʻlgani haqida maʼlum qilgan, ammo halok boʻlganlar soniga aniqlik kiritmagandi. Bu tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ hukumati Ozarbayjon talablariga rozi boʻlib, oʻt ochishni toʻxtatganidan keyin sodir boʻldi.
“20 sentabr kuni Janyatogʻ qishlogʻi hududidagi kuzatuv punktidan qaytayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilar boʻlgan avtomobilga oʻq uzilgan”, — deyiladi xabarda.
Bular Ikkinchi Qorabogʻ urushi yakunlari keyin tinchlikparvar kontingentning ilk jangovar yoʻqotishlaridir.
Aliyev Putindan uzr soʻragan va halok boʻlgan tinchlikparvar kuchlarning oilalariga moddiy yordam koʻrsatishga tayyorligini ham bildirdi, deya taʼkidlaydi Kreml. Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati birozdan keyin xuddi shunday mazmundagi bayonotni eʼlon qildi.
Ozarbayjon prezidenti "boʻlgan voqea boʻyicha chuqur tergov" oʻtkazilishini aytgan.
Eslatib oʻtamiz, 19 sentabr kuni Ozarbayjon Qorabogʻda aksilterror operatsiya boshladi va bir sutka ichida tan olinmagan respublikani oʻz shartlariga koʻndirishga erishdi. Unga koʻra hudud Ozarbayjonga integratsiya qilinadi.




