platina.uz
Madaniyat

Katta premera: milliy serialchilikda yangi voqelik

Serial moliyaviy firibgarlikning ayanchli oqibatlari haqida hikoya qiladi.

Pulni halol yoʻl bilan ham topish mumkin, noqonuniy yoʻl bilan ham. Taqdimoti oʻtkazilgan “Piramida” — kriminal, detektiv janrda suratga olingan oʻzbek milliy seriali ham aynan moliyaviy firibgarlikning ayanchli oqibatlari haqida hikoya qiladi. Serial “Mening yurtim” telekanali va “Panorama Fox” studiyasi bilan hamkorlikda tasvirga olingan. Uning hozirda 21 ta qismdan iborat 1-fasli suratga olingan boʻlib, har bir qism davomiyligi 45 daqiqani oʻz ichiga oladi.

Islom Hamro, ssenariy muallifi: “ Ushbu serial gʻoyasi meniki emas. Gʻoya prodyuser, “Panorama Fox” studiyasi rahbari Umid Soatovniki. Aynan mana shu gʻoya bilan menga murojaat qildi. Mana bu keyingi paytda paydo boʻlayotgan moliyaviy piramidalar urchib ketdi. Hozir ham firibgarlik, bir-birini aldash, bir narsani vaʼda qilib xalqqa koʻzboʻyamachilik qilish kabi dolzarb mavzular boʻlganligi uchun menga maʼqul keldi va ssenariy ustida ish boshladik.

Biz shov-shuv koʻtarish yoki kimnidir qoralash, oqlash yoʻlidan bormadik, balki aynan qaysi holatda odam aldanib qolishi mumkin, aldanmaslik uchun nima qilish kerak va qaysi holatlarda qanday aldayapti odamlarni shu jihatlariga eʼtibor qaratdik”.

Odatda film yoki seriallarda bosh qahramonlar oʻz qahramonini jonliroq gavdalantirib berishlari uchun oʻsha muhitda yashashlariga toʻgʻri keladi. “Piramida” serialining bosh qahramonida bu jarayon qanday boʻlganligiga qiziqdik.

Rustam Ahmedov, bosh qahramon: “Bu filmga tayyorgarlik koʻrish uchun bir necha oy vaqt sarflandi. Qayta-qayta tajribalar, kastinglar boʻlib oʻtdi. Sochlarni oldirdik obrazga oʻxshatish uchun. Boshida ancha qiynaldik. Qoʻlimizga kishan taqqan sahnasini ijro etish biroz qiyin boʻldi. Sababi, qoʻlim oʻsha paytda singan payti edi. Shuning uchun suratga olish vaqtida qiyinchilik yuzaga keldi.

Zuhriddin Rustamov, sahnalashtiruvchi rejissyor: “ Bu mening birinchi katta ishim. Toʻgʻrisini aytsam, birinchi qismini olishda judayam bir qiyinchiliklar boʻldi. Albatta, qiyinchilik deb boʻlmaydi. Zavqli qiyinchiliklar bular. Pul oldi-berdi boʻlayotgan jarayonda xodimlarni kelib bosish ommaviy sahnasida biroz qiynaldik. Birinchi qismini suratga olishga toʻrt kuncha vaqt ketdi.

Albatta, samarali mehnat bekorga ketmadi. Serialni birinchilarda boʻlib tomosha qilgan tomoshabinlarimizning uning oʻzbek serial dunyosida katta voqea boʻlganligini ham taʼkidlashmoqda. Serialni siz 25 sentabrdan “Mening yurtim” telekanalida soat 21:30 da tomosha qilishingiz mumkin.

Odinaxon Dehqonova

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid