Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti bilan uchrashdi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi.

Tadbirda, shuningdek, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdilar.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mintaqada transport yoʻlaklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlash, taʼlim dasturlarini kengaytirish, Afgʻonistondagi vaziyatning tinch yoʻl bilan hal etilishiga koʻmaklashish kabi masalalar koʻrib chiqildi.