platina.uz
Siyosat

Prezident AQShda taniqli siyosatchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi (foto)

Oʻzbekiston rahbari Janubiy Koreya prezidentini mamlakatga taklif qildi. 

Prezident AQShda taniqli siyosatchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi (foto)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Jumladan, prezident Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning tez fursatda JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari mamlakat oʻz oldiga oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish boʻyicha qoʻygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qoʻshilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga toʻxtaldi.

JST bosh direktori Oʻzbekiston tomonidan tashkilotga aʼzo boʻlish borasida koʻrilayotgan choralarni yuqori baholadi.

Ngozi Okonjo-Iveala JST Kotibiyati Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini hamda mamlakatimiz yaqin kelajakda tashkilotga qoʻshilishiga ishonch bildirdi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan keng koʻlamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga toʻxtaldi.

Keyingi yillarda oʻzaro savdo va investitsiya koʻrsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 24 foizga koʻpaydi. Mamlakatimizda qariyb mingta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreyadan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan koʻp yillar davomida samarali hamkorlik qilinayotgani, ular bilan birgalikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etgani yuqori baholandi.

Uchrashuvda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, “yashil” energetika, raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va boshqa yoʻnalishlardagi qoʻshma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston rahbari Koreya Prezidenti Yun Sok Yolni davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni roʻyobga chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolboʻyi mintaqasi ahosilini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, turizmni rivojlantirish, kambagʻallikka va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlashini, davlatimiz rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bosh kotib yangi «Oʻzbekiston – 2030» islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vaziflarning koʻlamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan toʻliq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid