platina.uz
Jahon

Yevropa va Rossiya: iqtisodiy taranglik va uning oqibatlari

Soʻnggi vaqtlarda nafaqat Rossiya siyosiy doiralari, balki oddiy fuqarolari ham keskin cheklovlar qurshovida qoldi. 

Yevropa va Rossiya: iqtisodiy taranglik va uning oqibatlari

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Yevropa Komissiyasining Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlarni Yevropa Ittifoqiga olib kirishga kiritgan cheklovi yuzasidan bergan "tushuntirishlari" boʻyicha bayonot berdi.

TIVning bildirishicha, bu Rossiyaga qarshi birinchi harakat emas. Toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlarni taqiqlash, viza berishni qiyinlashtirish, endi esa sanksiyalar boʻyicha bu "tushuntirishlar” bemaʼni ekanligidan tashqari, oddiy Rossiya fuqarolariga zarar yetkazishga qaratilgan. Bu kabi xatti- harakatlardan asil maqsad Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqiga kirishini imkonsiz qilishdir, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nima deyapti?

Rossiya TIVning izohlashicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Yevropada yangi “temir parda” oʻrnatib, odamlar oʻrtasidagi muloqot imkoniyatlarini cheklamoqda. Departamentning taʼkidlashicha, Moskva vaziyatni kuzatib boradi va bu sanksiyalarga qoʻilgan har bir davlatga nisbatan tegishli javob choralarini koʻradi. Shuningdek, Rossiya fuqarolariga doʻstona boʻlmagan mamlakatlarga sayohatni rejalashtirishda xavflarni diqqat bilan koʻrib chiqishni maslahat beradi. TIVning ogohlantirishcha, boshqa davlat bilan chegarani kesib oʻtishda jismoniy shaxs ixtiyoriy ravishda chet el yurisdiksiyasiga boʻysunadi, bu esa unga tashrif buyurgan mamlakatning qonunlari va qoidalariga rioya qilish majburiyatini yuklaydi.

Eslatib oʻtamiz, Yevropa Ittifoqi komissiyasi Rossiyaning sanksiyalarni aylanib oʻtishini cheklash maqsadida yangi iqtisodiy cheklovlar kiritdi. Moskva oddiy fuqarolardan foydalanib, Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlarni kichik partiyalarda Yevropa Ittifoqiga eksport qilmoqda, degan gumonlar ortidan, Yevropa Ittifoqiga rossiyaliklarning bir qator tovarlarni olib kirishi, shuningdek Rossiyada roʻyxatdan oʻtkazilgan mashinalarda kirishni ham taqiqlab qoʻydi. Avvaliga shaxsiy buyumlarga tatbiq etilmasligi aytilgani cheklovlar keyinchalik buunday buyumlarni ham olib kirishga ruxsat bermasligi borasida tushuntirish berildi.

Jumladan, smartfonlar, kosmetika vositalari, qimmatbaho toshlar, hojatxona qogʻozi, shampun, tish yuvish pastasi, yuk tashish uchun moʻljallangan tirkama va yarim tirkamalar, yaxta va fotokameralar ham oʻrin olgan.

Rossiya Davlat dumasi bu cheklovlarni “kulgili”, ularni kiritganlarni esa “maydakash” deb atadi. Lekin Rossiya turizm operatorlari assotsiatsiyasi ortiqcha xavotir olmaslikka chaqirdi. Assotsiatsiyaning maʼlum qilishicha, faqat qiymati 750 yevrodan ziyod boʻlgan shaxsiy buyumlargina taqiq doirasiga tushadi.

Yuristlar nima deyapti?

Xalqaro huquqshunos Vladimir Tixonkovning taʼkidlashicha, yevropalik byurokratlarning tushuntirishi, ayniqsa, Yevropa Ittifoqiga tez-tez sayohat qiladigan Sankt-Peterburg aholisi uchun dolzarbdir.

“Darvozalar yopilyapti? Menimcha yoʻq. Oʻtgan yilning oʻrtalaridan boshlab Rossiya biznesining Yevropa Ittifoqidagi ishtirokiga nisbatan radikal taqiqlar amalda boʻldi. Ammo uzoq vaqtdan beri tushuntirish berishlarini kutgandik.”, - deydi u. - Chunki Finlyandiya bojxonachilarining shafqatsizligi va Boltiqboʻyining tarafkashligi maʼlum. Ular chegaralari daxlsiz ekanini koʻrsatib qoʻyishni istashadi. Tasavvur qiling, bechora ota talaba qiziga 5-10 ta stul yoki shkaf mebeli olib kelyapti-yu, lekin chegaradan sharmandalarcha ortiga qaytarilyapti, chunki qaysi yuk tijoriy, qaysi yuk shaxsiy buyum ekanini har bir amaldorning oʻzi belgilaydi”.

Tixonkovning fikricha, Yevropa Ittifoqi oʻtgan yil uchun bojxona statistikasiga asoslanmoqda. Unda esa jismoniy shaxslarning ulushi katta. "Yevropa Ittifoqida yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan qaysi rossiyalik milliy tovarlarni YeIga eksport qilib, qoʻshimcha pul ishlash uchun chegaradan oʻtib qaytishni yoqtirmaydi. Valyutalarimiz kursining oʻzgarishi tufayli yevropaliklarga tovar yetkazib berish katta foyda keltirmoqda. Yevropaliklar bozorlarini ruslardan himoya qilishmoqchi. Ha, yevropaliklar oʻzlarining tushuntirishlarida aynan shunday yozganlar. Yevropa Ittifoqi bu sanksiyalar davlatimizning har qanday shaklda daromad olishiga yoʻl qoʻymaslik uchunligini yashirmayapt. Rossiyadan kelgan shaxslar shaxsiy buyumlarni Yevropa bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda boshqa maqsadlarni koʻzlaydilar. Ularning kundalik faoliyati davlat maqsadlarini emas, balki shaxsiy maqsadlarni qondirishga qaratilgan. Bu shuni anglatadiki, ularning shaxsiy huquqlari kamsitilmoqda", deydi Tixonkov.

Yuristning soʻzlariga koʻra, bu xuddi shu tushuntirishlarning oltinchi xatboshida muhokama qilinadi. Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga "import" tushunchasi shunday izohlanadi: "Yevropa Ittifoqi komissiyasining 833/2014-sonli Nizomida koʻzda tutilgan import cheklovlarining maqsadi Rossiyani daromaddan mahrum qilishdir". “Sankt-peterburgliklar chegarada shu jihatni ushlab olishsin. Uyalish kerak emas, - deydi Tixonkov. — Yana bir jihati, tekshirish chogʻida aniqlangan narsa shaxsiy maqsadlarda ishlatilishini chegarada koʻrsatish va isbotlash kerak. Umuman olganda, yevropaliklar oʻz tushuntirishlarida, jismoniy shaxslar ham, boshqalar kabi, ruxsat etilgan nomenklatura boʻyicha Yevropa Ittifoqiga tovarlarni import qila olmaydilar. Lekin quyma temir yoki koʻmir importini taqiqlash chet elliklarni xafa qiladi deb oʻylamayman. Har qanday noxush vaziyatda siz kechagi rasmiy sanksiyalar talqinlarining oltinchi bandi orqasida yashirinishingiz kerak. Shaxsiy boʻlgan hamma narsani Rossiyadan olib kelingan, deb atash mumkin emas.

Advokat va Yevropa Ittifoqi qonunchiligi boʻyicha ekspert Aleksandr Skovorodkoning fikricha, huquq nuqtai nazaridan chegarada shaxsiy buyumlarni tortib olish uchun qonuniy asoslar yoʻq. “Bu qoidalar Yevropa qonunchiligining umumiy siyosatiga ziddir. Bunday holda, Yevropa Ittifoqi umumiy tamoyillarga amal qilishi kerak, ammo ular bunga yoʻl qoʻymaydi. Shuning uchun, agar bu sodir boʻlsa, sizda oʻz huquqlaringizni himoya qilish uchun katta imkoniyat bor", deb hisoblaydi Aleksandr Skovorodko.

Rossiyaliklarni ayniqsa oʻz shaxsiy avtomobilida Yevropa Ittifoqiga kirishni taqiqlashgani norozilik uygʻotmoqda. Ular Yevropa Ittifoqi komissiyasini shunchaki sayohat vositasi bilan import obʼekti oʻrtasidagi farqni ataylab eʼtiborga olmaslikda ayblashmoqda.

Sababsiz oqibat boʻlmaydi. Putin ambitsiyalarini amalga oshirish uchun Ukrainaga qarshi boshlangan bosqinchilik urushi oʻzining achchiq "mevalari"ni tuhfa etishda davom etmoqda. Taraqqiyparvar va rivojlangan davlatlar kiritayotgan sanksiya ustiga sanksiyalar, taqiq ustiga taqiqlar biroz boʻlsada urushning shiddatli olovini oʻchirish, Rossiyaning tajovuzkor harbiy qudrati jilovlashga qaratilgan.

Xalqaro jinoyatlarga, Qrimni anneksiya qilish, Ukraina sharqidagi beqarorlik va bu mamlakatga qarshi boshlangan bosqinchilik urushiga aloqador Rossiya hukumati, uning fuqarolari va tashkilotlariga nisbatan cheklov choralari vaqt sayin kuchayib bormoqda. Rossiya hukumatining sanksiyalarni aylanib oʻtishga urinishlarini cheklash maqsadida sanksiya mexanizmlari va taʼsir qilish koʻlami takomillashib qolmoqda.

Koʻpgina bir birini tasdiqlovchi maʼlumotlarga koʻra, Rossiya hozirgacha 200 mingdan ziyod harbiy xizmatchisidan ayrilgan. Sovet Ittifoqi 1979-1989 yillarda Afgʻonistonda olib borgan urushda qurbon boʻlgan askarlar soni 15 mingga ham yetmaydi.

Urush – eng qimmat “biznes”. Urush xarajatlarini nafaqat bugungi aholi, balki uning avlodlari ham toʻlashga majbur boʻladi. Ukrainani bosib olishga yoʻnaltirilgan milliardlab dollar mablagʻni Rossiyani rivojlantirishga qaratishganda, ehtimol u dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylangan boʻlardi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid