Shavkat Mirziyoyev xalqaro tashkilotlar va AQSh kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
18 sentabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahridagi oʻziga ajratilgan qarorgohda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, turli kompaniyalar boshliqlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva bilan uchrashuvda XVFning Oʻzbekiston moliya sohasi barqarorligini kompleks tahlil qilish, iqtisodiy siyosatni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda konsalting koʻmagini koʻrsatish, mutaxassislar salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirishdagi ishtirokiga doir masalalar muhokama qilindi.
Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashuvda kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan, uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Samarali xalqaro transport yoʻlaklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish, Afgʻonistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan, afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlar, boʻlajak koʻp tomonlama tadbirlar rejasi boʻyicha fikr almashildi.
Air Products kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan uchrashuvda AQSh davlat kotibining energetika masalalari boʻyicha oʻrinbosari Jeffri Payett ham ishtirok etdi.
Air Products kompaniyasining Oʻzbekiston uchun qiymati 10 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar almashildi. Shavkat Mirziyoyev Seyfi Gasemiga yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.
Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuvda GE HealthCare, Oppenheimer, Cerberus, CNH va Cintana korporatsiyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda AQSh biznesining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi aniq rejalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xarita”larini qabul qilishga kelishib olindi.
Cintana asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etmoqchi. 2024 yildan boshlab sogʻliqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yoʻnalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash koʻzda tutilgan.
Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar boʻlgan CNH transmilliy kompaniyasi tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yigʻish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, shu jumladan, yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy resurslar ajratmoqchi.
Aktivlari qiymati 60 milliard dollardan ziyod boʻlgan Cerberus kompaniyasi kommunikatsiyalar tarmogʻi, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar yoʻnaltirishni rejalashtirgan.
Aktivlari qiymati 36 milliard dollar boʻlgan Oppenheimer investitsiya kompaniyasi birinchi bosqichda toʻqimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga investitsiya yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.
Dunyoning industrial giganti boʻlgan General Electric korporatsiyasi strategik sheriklik doirasida Oʻzbekiston korxonalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida.
GE HealthCare kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sogʻliqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yoʻlga qoʻyilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, investor Oʻzbekistonda Milliy tibbiy maʼlumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.




