Erdoʻgʻon Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligi boʻyicha keskin gapirdi
Shuningdek, turk prezidenti Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligi haqida fikr bildirgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon Anqara va Yevropa Ittifoqi turli yoʻllardan borishi mumkinligini aytdi. Bu haqda siyosatchi BMT Bosh assambleyasi yigʻilishida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka uchishi oldidan Istanbuldagi matbuot anjumanida gapirdi, deb yozadi Anadolu.
"Mening fikrimni juda aniq bilmoqchi boʻlsangiz, Yevropa Ittifoqi Turkiyadan uzoqlashishga intilmoqda. U Turkiyadan ajralish uchun qadam tashlayotgan bu davrda, biz ham oʻz qarorlarimizni eʼlon qilamiz. Bu qarorlar oqibatida yoʻllarimiz Yevropa Ittifoqi bilan butunlay ajralib ketishi mumkin", dedi Erdoʻgʻon.
Ushbu keskin bayonot Yevroparlamentning yaqinda eʼlon qilingan tanqidiy hisobotiga javoban berilgan, unda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish jarayoni hozirgi sharoitda qayta tiklana olmasligi taʼkidlangandi.
Turkiya 24 yil davomida Yevropa Ittifoqiga aʼzolikka rasmiy nomzod boʻlib kelgan, biroq soʻnggi yillarda aʼzolik boʻyicha muzokaralar toʻxtab qolgan.
Erdoʻgʻon avvalroq Gʻarb 50 yildan beri Turkiyaga bergan vaʼdasida turmayotganini aytgandi.
Shuningdek, Erdoʻgʻon Ukraina mojarosi haqida gapirarkan, urush hali-veri tugamasligini maʼlum qildi. Uning fikricha, "urush tez tugashini bildiradigan belgilar umuman yoʻq".