Toshkentda “Sen kuchlisan” loyihasi doirasida katta tadbir oʻtkazildi
Yiliga 300 ming bolaga shu kasallik tashxisi qoʻyilsa, 100 ming bola hayotdan koʻz yumadi.

Bolalar ruhiyati juda nozik, qalbi sof, bardoshi esa kezi kelsa, yoshi kattalarga ham oʻrnak qiladigan darajada kuchli boʻladi. Biroq baʼzan shunday ogʻir kasalliklar borki, ular mana shunday hayotga tashna, bardoshli , murgʻak qalb egalarini ham chetlab oʻtmay, bardoshlarini sinovdan oʻtkazadi. .Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bolalar saratoni dunyoda jarohatlardan soʻng ikkinchi oʻrinda turadi. Yiliga 300 ming bolaga shu kasallik tashxisi qoʻyilsa, 100 ming bola hayotdan koʻz yumadi.
“Sen kuchlisan” loyihasi onkologik va gematologik kasalliklar bilan kasallangan ana shunday bolajonlar va ularning yaqinlariga moddiy hamda maʼnaviy koʻmak berish, shuningdek, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish orqali hayotga boʻlgan intilishlarini kuchaytirishni maqsad qilgan. Uning yana bir mohiyati bolajonlarning moʻyqalamiga mansub suratlarni ommaga taqdim qilish va sotishdan tushgan pullarni bolajonlarga topshirib, xohishiga koʻra sarflanishi.
Bugun “Yoshlar ijod saroyi” da ushbu loyiha doirasidagi ikkinchi tadbir oʻtkazildi.
Loyiha asoschisi, Marjona Nurmuhammedova: “Bu loyiha boshlanganiga roppa-rosa 3 oy boʻlyapti. 3 oy oldin men ilk kitobimni nashrdan chiqardim. Sotilgan kitoblarimdan qolgan ilk pullarni onkologik va gematologik kasalliklar bilan chalingan bolalarga ehson qilish niyati paydo boʻldi va bu niyatimni amalga oshirdim va oʻzimdan qandaydir yengillik, halovatni his qildim. Shundan keyin kitobdan tushgan pullarni barchasini ushbu loyihaga yoʻnaltirdim. Endilikda men yolgʻiz emasman. Atrofimda oʻz sohasini mutaxassisi boʻlgan 20 dan ortiq volontiyorlarimiz (koʻngillilar) bor. Men bu loyihani shunchalik ommalashib ketganidan xursandman. Chunki loyiha orqali bolalarni ruhiyatida ham, sogʻligida ham oʻzgarishlar paydo boʻldi. Hattoki 80-90 foizga tuzalib ketgan bolalarimiz ham bor. Bugungi kunda ana shu loyiha boshlanishiga sabab boʻlgan birgina “Qizalogʻim, Safiya” nomli kitobim asosida serial ham suratga olinyapti. Oktabr oyidan efirga berilishi kutilmoqda.”
Shuningdek, tadbirda 150 nafardan ortiq bolalar 650 dan ortiq sanʼat asarlari bilan ishtirok etishmoqda. Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar esa oʻzlariga yoqqan rasmlarni sotib olishmoqda.
Oila va bolalar psixologi, Shoira Isakova: “ Men oʻzi hissiyotlarimni birovga koʻrsatadigan odam emasman. Lekin bu jarayonda koʻz yoshlarimni toʻxtatib tura olmadim. Haqiqatdan bolajonlar mana shu ogʻir dardni ijod orqali rasm chizish, ranglar, kechinmalari orqali chizib chiqarishgan, albatta. Bu bolalar yashashga haqqi bor bolalar. Bular oʻlimga hukm qilinganlar emas, aslida. Ularning sogʻligini tiklash uchun biz hammamiz birlashib, harakat qilishimiz kerak. Shu boisdan men ham mana shu murgʻak qalb egalarining nozik qoʻllari bilan chizilgan rasmlarni sotib olishga keldim. Rasmlarni koʻrib ichidan “Yurakning ichidan chiqqan ona bilan farzand” ning rasmini tanladim.
.
160 dan ortiq sanʼat asarining ichida oʻndan ortiq suratlar auksionga qoʻyilib, bitta surat 500 mingdan to 6 million qiymatgacha baholandi.Shunday auksionga qoʻyilgan sanʼat asarlaridan birinchisini “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov 1 million soʻmga sotib oldi.
Husan Ermatov: “Hozir mana shu rasmlarni koʻrib, oʻyladim hammamiz ham yoshlikda rasm chizganmiz. Qanaqadir rassom boʻlishni orzu qilganlarimiz ham boʻlishi mumkin Shu bolalarning koʻnglida yashashga boʻlgan juda katta ishtiyoqni koʻrishimiz mumkin. Agar mana shu bitta rasmni ushlab koʻrib, “otangga rahmat” desak ham shu bolalarga ozgina boʻlsa ham motivatsiya bergan boʻlamiz.Oʻylaymanki, bu tadbir har oyda, har mavsumda oʻtkazilishi kerak. Mana shu rasm egasi rasmlari kerak boʻlsa Luvr muzeyiga qoʻyiladigan darajaga yetsin.”
Tashkilotchi, Abror Zohidov: “Ayni paytda “Sen kuchlisan” loyihasini nodavlat-notijorat tashkilot sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjat topshirdik. Yaqin kunlarda ijobiy xulosani olganimizdan keyin, ishimiz yanayam shaffoflashadi. Yaʼni bu yerda hozir toʻgʻridan toʻgʻri bemorlarning ota-onalariga pul oʻtkazilayotgan boʻlsa, biz unda tizimli qilib, yagona hisob raqam tashkillashtiramiz. Bugungi auksion natijalariga keladigan boʻlsak, xayrli ishga xayrxoh boʻlgan insonlar borligidan xursand boʻldik. Bundan ham koʻproq, shifoxonalardagi ota-onalar bitta gapni aytishdi bizga. Bolalarimizning telefon oʻynashlari kamayib qoldi. Ular doim ertayu kech telefonda boʻlishardi. Hech ham qoʻlidan telefonni ololmasdik. Chunki bemorlar injiq boʻladida. Ushbu loyiha boshlangandan beri bolalarni hammasi surat chizishyapti deyishdi. Bugungi tadbirimiz ham ularni oz boʻlsa ham qoʻllab quvvatlagan boʻlsa boshimiz osmonga yetadi.
Odinaxon Dehqonova tayyorladi.