platina.uz
Jamiyat

Bolalar ombdusmani Aliya Yunusova rasman ishdan ketdimi?

Bola huquqlari boʻyicha vakil Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.

Bolalar ombdusmani Aliya Yunusova rasman ishdan ketdimi?

Oliy Majlisning bola huquqlari boʻyicha vakili (bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova hozirda qisqa muddatli davolanishda va lavozimdan ketganicha yoʻq.

Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) matbuot kotibi Fotima Madrahimova Platina.uz muxbiriga maʼlum qildi.

Fotima Madrahimovaga koʻra, umuman olganda bola huquqlari boʻyicha vakil alohida institut sanaladi. Lekin tizim birligi sabab ushbu vakil Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi.

Aliya Yunusova davolanish taʼtilidan qaytgach, Oliy Majlis qaroriga koʻra lavozimidan olinishi mumkin, chunki uni aynan shu tashkilot saylagan. Bungacha hech bir organ uni isteʼfoga chiqara olmaydi.

Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Aliya Yunusova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali lavozimini tark etishini maʼlum qilgandi.

"Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari boʻyicha vakil sifatidagi faoliyatimni toʻxtatayotganimni maʼlum qilaman. Muhtaram prezident Shavkat Mirziyoyevga bola huquq va manfaatlarini taʼminlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman", — deb yozgandi u.

Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda bajaradi. Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga esa nomzodni prezident tavsiya etadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid