Oʻn besh oʻzbekistonlikning "Yangi Zelandiya orzusi" sarob boʻlib chiqdi
Nosirov vatandoshlarini soatiga 28 dollar maosh topasizlar degan gaplar bilan oʻziga jalb etgan.

Yangi Zelandiyaga moʻmay pul topaman deb borgan 15 nafar oʻzbekistonlik chuv tushdi. Mamlakatdagi Stuff nashrining yozishicha, ularni oʻz vatandoshlari aldagan.
Xabarga koʻra, ishchilarning bari Toshkent viloyati, Angren shahridan boʻlgan va Yangi Zelaniyadagi Zero Max Line kompaniyasi egasi boʻlgan Sherzod Nosirov orqali ushbu mamlakatga ketishga qaror qilgan.
Ular ichida uyi, mashinasi, bor-budini sotib ketganlaram bor. Shukurjon Qoʻchqorov, Diyorbek Komilboyev, Ibrat Xatamov, Abdullayev Nuriddin, Sirojiddin Usmonov va Asliddin Jumanov kabi yigitlar Yangi Zelandiyada na daromad va na istiqbolsiz qolib ketishdi, deya yozadi nashr.
Ulardan biri Sirojiddin Usmonov rafiqasi va uch bolasi bilan Oʻzbekistondagi uyini sotib kelishgan va hozirda oila qiyin sharoitda yashamoqda.
Nosirov vatandoshlarini soatiga 28 dollar maosh topasizlar degan gaplar bilan oʻziga jalb etgan. Ular Nosirovga viza va boshqa hujjatlar uchun 10 ming dollardan berishgan, shuningdek 2500-3000 dollar miqdorida qoʻshimcha pul toʻlashgan.
Afsuski, ishchilar Yangi Zelandiyaga kelishgach, haftasiga bor-yoʻgʻi 20 soat ishlashga ruxsat olishgan. Hatto Oʻzbekistonda bunda koʻproq pul topa olardik deydi ulardan biri.
Hozirda 11 nafar oʻzbekistonlik unchalik yaxshi sharoitga ega boʻlmagan uyda haftasiga 1100 dollar toʻlab yashab kelmoqda.
Bir qancha mojarolardan keyin Nosirov oʻz kompaniyasini imi-jimida yopishga qaror qilgan.
Yangi Zelandiyalik jurnalistlar Nosirovga ishchilarning holati boʻyicha murojaat bilan chiqqanda u javob berishdan bosh tortib, barcha maʼlumotni turmush oʻrtogʻidan olish mumkinligini bildirdi, ammo uning rafiqasi Nargiza Onarboyevaning javobi ham shunga oʻxshash boʻldi.
Yangi Zelandiyadan Angrenga qaytishga muvaffaq boʻlgan Hamidulla Esanaliyevni aytishicha, Nosirov unga Oʻzbekistondagi uylarini sotib, kelishni tavsiya qilgan. Ammo Esanaliyev bunday qilmagan va Oʻzbekistondan ketmaslikka qaror qilgan.
"Dastlab, uning niyati yomon ekanini bilmadik, ammo yakunda Nosirovning niyati biz orqali pul ishlash ekani aniq boʻldi", deydi u.
Ayni paytda oʻzbekistonliklar oʻz huquqlarini tiklash maqsadida advokat yollashgan.
