Tokdan uzib qoʻyish, tepa qavatga nasosda suv chiqarish: "dom"lar va "JEK"lar uchun yangi tartiblar
Prezident imzolagan qarorga koʻra, endi koʻp qavatli uylar ("dom"lar) va ularning boshqaruv organlari (JEKlar) uchun yangi tartiblar joriy etiladi.

Prezident avgustda imzolagan "Koʻp kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorga koʻra, endi koʻp qavatli uylar ("dom"lar) va ularning boshqaruv organlari (JEKlar) uchun yangi tartiblar joriy etiladi.
Eng muhim yangilik shuki, yangi yildan koʻp qavatli uylar va undagi xonadonlar elektr energiyasi taʼminoti bir-biriga integratsiya qilinadi. Hozir xonadonda tokdan qarzdor boʻlsangiz, darhol chiroq oʻchadi. Yangi tartibga koʻra, agar JEK pulini vaqtida toʻlamasangiz ham, uyingizdagi chiroq oʻchiriladi.
Qarorga koʻra, Navoiy shahrida tajriba tariqasida koʻp kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar va toʻlovlardan qarzdorligi mavjud mulkdorlarni elektr tarmoqlaridan oʻchirish tartibi 2023 yil 1 oktabrga qadar ishlab chiqilishi kerak.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar koʻp kvartirali uylardagi kirish yoʻlaklariga va zinapoyalarda harakat datchikli energiya tejovchi chiroqlarni oʻrnatish belgilangan. Bu orqali elektr energiyasi isteʼmoli kamida 30 foizga kamaytiriladi.
"Dom"lardagi yana bir asosiy muammolardan biri yuqori qavatlarga ichimlik suvi yetib borishining qiyinligidir. Shu maqsadda koʻp kvartirali uylarning yuqori qavatlariga ichimlik suvni yetkazib berish (nasoslarni ekspluatatsiya qilish) xarajatlari suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan qoplab beriladi. Bu haqdagi qaror loyihasi 2024 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqilishi kerak.
Bunda boshqaruv organi xarajatlarini qoplab berish mexanizmini va koʻp kvartirali uyning boshqaruv organi bilan ichimlik suvni yetkazib beruvchi tashkilot oʻrtasida xarajatlarni qoplab berish tizimi joriy etiladi.
Yana bir muhim gap: koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni mol-mulk soligʻidan va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarni yer soligʻidan ozod qilish boʻyicha takliflar 2023 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, chiqindilar boʻyicha integratsiya jarayoni koʻzda tutilgan. Hozir chiqindi tashish biroz muammo, chunki shox-shabba yoki oʻrilgan chimlarni "dom"dagilar qayerga olib borishni bilmaydi. Chiqindixonadagilar qabul qilmaydi, obodonlashtirish esa tekinga olib ketmaydi.
Bu muammo ham yangi yildan JEKlar zimmasiga tushadigan boʻlyapti. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilarni (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni maishiy chiqindilarni toʻplash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yigʻishga ruxsat etiladi.
Bunda:
- mazkur chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun belgilangan majburiy toʻlovlarga qoʻshilgan holda yagona toʻlov sifatida undiriladi;
- agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilarni (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni yigʻish va maishiy chiqindilarni toʻplash punktlariga yoki kelishilgan maxsus joylarga yetkazish toʻliq koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi;
- maishiy chiqindilarni toʻplash punktlarida yoki kelishilgan maxsus joylarda toʻplangan agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil boʻlgan chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlar tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari bilan kelishilgan holda reja-grafik asosida amalga oshiriladi.