Telejurnalist Ramina Yagafarova vafot etdi
Ramina Yagafarova "Dunyo boʻylab" telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan "Svoimi glazami" hamda "Aktualno" dasturlarini olib borgan.

"Dunyo boʻylab" telekanali jurnalisti Ramina Yagafarova toʻsatdan vafot etdi.
Qayd etilishicha, Ramina Yagafarova 12 sentabr kuni kechqurun Chilonzor tumanidagi xususiy klinikalardan birida davolanayotgan onasini koʻrish uchun borgan.
Jurnalist tomogʻidagi ogʻriq sabab oʻzi bilan olib yurgan levofloksatsin (antibiotik) tabletkasini ichadi. Oradan 10-15 daqiqa oʻtib, uni tutqanoq tutgan va hushini yoʻqotgan.
Xususiy klinika shifokorlari Yagafarovaga birinchi tez tibbiy yordamni koʻrsatgan, shundan soʻng uni jonlantirish boʻlimiga joylashtirishgan. Davo muolajalaridan soʻng u hushiga kelgan, ahvoli yaxshilangan.
Biroq 13 sentabr kuni kunduzi ayolda tutqanoq qaytalangan. Tibbiy muoalajalarga qaramay, jurnalist taxminan 17:50 da vafot etgan, deyiladi Chilonzor tuman prokuraturasi axborotida.
Ramina Yagafarova "Dunyo boʻylab" telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan "Svoimi glazami" hamda "Aktualno" dasturlarini olib borgan.
Eslatib oʻtamiz, may oyida “Yoshlar” telekanalining “Yangi Davr” dasturi teleboshlovchisi, jurnalist Nozima Mahmudova operatsiya vaqtida vafot etgandi.