platina.uz
Siyosat

Prezident “Qoʻshtepa” kanali qurilishi boʻyicha fikr bildirdi

“Qoʻshtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga taʼsiri bilan bogʻliq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda oʻrganish boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhini shakllantirish zarur.

Prezident “Qoʻshtepa” kanali qurilishi boʻyicha fikr bildirdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 15 sentabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev kengash majlisidagi nutqida Afgʻonistonning amaldagi hukumati tomonidan qurilayotgan “Qoʻshtepa” kanali haqida ham fikr bildirdi.

“Mohiyat-eʼtiboriga koʻra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bogʻlanmagan yangi ishtirokchi paydo boʻldi”, deyiladi Prezident nutqida.

"Afgʻon tomoni kanalni qurish boʻyicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz. Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin. “Qoʻshtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga taʼsiri bilan bogʻliq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda oʻrganish boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz. Afgʻoniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish boʻyicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini koʻrib chiqishni taklif etamiz”.

Avval xabar qilganimizdek, "Tolibon" hukumati 2022 yil martida Amudaryoda suv oladigan Qoʻshtepa kanali qurilishini eʼlon qilgan edi. Qurilishi 684 million dollarga tushadigan bu kanalning loyiha boʻyicha uzunligi 285 kilometr, kengligi – 100 metr, chuqurligi – 8,5 metr boʻladi. Kanal Amudaryo oqim yoʻnalishining chap tomonidan, Balx viloyatining Kaldar tumanida ulanadi va Afgʻonistonning uchta viloyati — Balx, Juzjon va Faryobdagi 550 ming gektar yerni suv bilan taʼminlashi moʻljallanmoqda.

Kanal qurilishi Oʻzbekistonning qator viloyatlarida suv tanqisligini kuchaytiradi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu kanal daryoning uchdan bir qismigacha suvini "tortib ketishi" mumkin. Natijada Oʻzbekiston va Turkmaniston katta suv muammosiga duch keladi. Buni esa Markaziy Osiyoda yaqin kelajakda kutilayotgan katta suv tanqisligining debochasi deyish mumkin. Suv kamayishi faqat dehqonchilikda qiyinchilik tugʻdirar ekan, deb oʻylash xato boʻladi. Bu muammo bevosita mintaqa gidrologiyasi va atrof-muhit landshaftlariga katta salbiy taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni yashil maydonlar kamayadi. Yer osti suvlari pastga tushib ketadi. Demakki yer osti quduqlaridan suv olishda ham muammolar vujudga keladi. Yerlar qurib, “chanqab” ketishi natijasida avval 10 kub suv bilan qoniqqan dalalar endi 15 kub bilan zoʻrgʻa toʻyadi.

Joriy yilning Iyun oyida Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vaziri bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazir Shavkat Hamroyev tolibonlar ham ushbu daryodan foydalanishga haqli ekanini, bu boʻyicha oʻzaro kelishuvlar rejalashtirilganini aytgan edi. Vazirning aytishicha, suv tanqisligi kecha paydo boʻlib qolgan muammo emas. Markaziy Osiyo mintaqasida suv doimo tanqis boʻlgan. Aholi soni esa oshib bormoqda. Ekinlar va oziq-ovqatlarga, suvga talab ortib bormoqda. Suv esa koʻpayish oʻrniga kamayib boryapti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid