platina.uz
Jamiyat

Fuqarolarga milliardlab kredit va subsidiyalar ajratildi

Ilk bosqichda har bir hududdan 1 tadan, jami 14 ta mahallada keng koʻlamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlar olib borildi.

Fuqarolarga milliardlab kredit va subsidiyalar ajratildi

Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda oʻtkazilgan “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” ishlari doirasida 199 nafar fuqaroga 1 mlrd. 285 mln. soʻm miqdorida subsidiya, 184 nafar fuqaroga 3 mlrd. 704 mln. soʻm miqdorda kredit olinishiga koʻmaklashildi.

Prezident topshirigʻiga asosan joriy yilning iyul-avgust oylari mobaynida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, viloyat va tuman hokimliklari hamkorligida tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda qator ishlar bajarilgan.

Ilk bosqichda har bir hududdan 1 tadan, jami 14 ta mahallada keng koʻlamdagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlar olib borildi.

Jumladan, jami 5 113 ta xonadonlar xatlovdan oʻtkazilib, mavjud muammolari uyma-uy yurib oʻrganildi. Bunda 711 ta kam taʼminlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalar xonadonlarida mutasaddi tashkilotlarni jalb qilgan holda joriy va kapital taʼmir ishlari olib borildi.

Shuningdek, jami 178 ta koʻchada “Obod koʻcha” mezonini joriy etish va infratuzilmani yaxshilash boʻyicha ishlar amalga oshirildi. Xususan, 35,3 km yoʻllar asfaltlandi, 89 km shagʻal yotqizildi, 82,2 km lotok, ariq, kanal, kollektor-zovurlar tozalandi, 3,9 km ichimlik suvi tarmogʻi taʼmirlandi, 82,2 km yangisi yotqizildi, 5 ta suv inshooti oʻrnatildi.

Bundan tashqari, 43 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi, 4 tasi oʻrnatildi, 42,5 km gaz quvuri taʼmirlandi, 1,2 km yangidan tortildi, 64 ta transformator taʼmirlandi, 12 ta yangisi oʻrnatildi, 1 885 dona simyogʻoch beton ustunlarga almashtirildi, 29,1 km elektr simlar tortildi.

Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 771 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi, 477 nafar shaxsning oʻzini oʻzi band qilishiga koʻmaklashildi.

Shuningdek, 28 698 nafar shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, ularning 296 nafarini davolash taʼminlandi, 53 nafarining jarrohlik amaliyoti bepul oʻtkazildi.

Xizmat binosiga ega boʻlgan mahallalardan 2 tasining idorasi kapital taʼmirlandi, 3 tasini qaytadan qurish va binosi boʻlmagan 9 ta mahallaga yer maydoni ajratilib, idorani qurish ishlari tashkillashtirildi. Shuningdek, mahallalar hududida joylashgan jami 58 ta ijtimoiy soha obʼektlari xatlovdan oʻtkazilib, ularda aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Prezidentning “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish haqidagi topshirigʻi ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash maqsadida ikkinchi bosqichda joriy yilning IV choragida joylarda 56 ta mahallada namunaviy “Yoʻl xaritasi”da asosida ishlar belgilab olingan.

Mazkur “Yoʻl xaritasi”da mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, hududidagi ijtimoiy soha obʼektlari holatini oʻrganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlash kabi sohalarda amaliy chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq ushbu dasturlar doirasida Toshkentning Bektemir va Yashnobod tumanlarida ishlab olib borilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid