Qrim ayovsiz oʻqqa tutildi: soʻnggi maʼlumotlar
Rossiya Mudofaa vazirligi Yevpatoriyada sodir boʻlgan qator portlashlardan soʻng Qrim osmonida 11 ta kamikadze dron urib tushirilganini maʼlum qildi.

Qrimning gʻarbiy sohilidagi Yevpatoriya hududida kuchli portlashlar sodir boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uchayotgan dronlarning tovushlari va havo hujumidan mudofaa ishi haqida yozishmoqda.
Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimdagi Yevpatoriya hududida bir nechta harbiy qismlar joylashgan. Undan uncha uzoq boʻlmagan joydagi Saki harbiy aerodromini Ukraina bir necha kun avval oʻqqa tutgandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi payshanba kuni ertalab Yevpatoriyada sodir boʻlgan qator portlashlardan soʻng Qrim osmonida 11 ta kamikadze dron urib tushirilganini maʼlum qildi.
Oxirgi bir yarim soat ichida Yevpatoriya va uning atrofidagi hududlar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda uchuvchisiz samolyotlarning uchayotgan tovushlari, portlashlar haqida xabar berishdi va kamida bitta kuchli portlashdan chiqqan tutun ustuni aks etgan videoni chop etishdi.
Ukrainaning Suspilne nashri mahalliy aholiga tayanib xabar berishicha, bu portlash Yevpatoriyaning gʻarbiy chekkasi yaqinidagi Uyutnoye qishlogʻi yaqinida, harbiy qism – ehtimol radar polkining boʻlinmasi hududida sodir boʻlgan.
Hozircha qurbonlar va talofotlar boʻyicha rasmiy xabarlar yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi kunlarda Ukrainaning Qrimga hujumlari keskin tus olmoqda. Avvalgi hujumlarning birida Rossiyaning yirik "Minsk" harbiy kemasi jiddiy shikastlangandi.