Putin va Kim Chen In Uzoq Sharqda uchrashdi. Asosiy maʼlumotlar
Kim Chen In va Vladimir Putinning uchrashuvi “Vostochniy” kosmodromida boʻlib oʻtgan.

Bugun, 13 sentabr kuni Uzoq Sharqda Rossiya va KXDR rahbarlarining muzokaralari boʻlib oʻtdi. Gʻarblik ekspertlarga koʻra, Moskva texnologiya evaziga Shimoliy Koreyadan oʻq-dorilarini olmoqchi.
Kim Chen In va Vladimir Putinning uchrashuvi “Vostochniy” kosmodromida boʻlib oʻtgan. Delegatsiyalar uchrashuvi besh soatcha davom etdi.
Avvalroq prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv yakunlari boʻyicha matbuot anjumanlari yoki hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmaganini maʼlum qilgandi. Kun tartibi ham eʼlon qilinmadi.
Kreml rahbari oʻzining kirish soʻzida faqat “mintaqadagi vaziyat”ni, shuningdek, “KXDR tashkil topganining 75 yilligi” kontekstini tilga oldi.
Uning mehmoni esa Shimoliy Koreya Rossiyani “doimo qoʻllab-quvvatlagan”ini va bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlashini aytdi.
“Ishonchimiz komilki, Rossiya armiyasi va xalqi yovuzlikni jazolash uchun olib borilgan muqaddas kurashda albatta katta gʻalaba qozonadi”, dedi Kim Chen In, aftidan, Rossiyaning Ukrainaga asossiz bosqinini shu tarzda izohlar ekan.
Kuzatuvchilar uchrashuv joyining oʻzi ramziy maʼnoga ega ekanligini taʼkidlamoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, muzokaralar boshlanishidan avval ikki davlat rahbarlari yangi “Angara” raketasini yigʻish jarayoni bilan tanishgan, shuningdek, “Soyuz-2” tashuvchi raketasini uchirish boʻyicha uchirish majmuasini koʻzdan kechirgan. Gʻarb ekspertlari Shimoliy Koreyaning oʻzining aygʻoqchi sunʼiy yoʻldosh dasturini ishlab chiqish va yangi raketa texnologiyalarini qoʻlga kiritish istagiga ishora qilmoqda.
Keyinroq davlat rahbarlariga mudofaa vaziri Sergey Shoygu, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, transport vaziri Vitaliy Savelev qoʻshildi.
AQShning The New York Times gazetasi Moskva Pxenyandan sovet tomonidan ishlab chiqarilgan artilleriya snaryadlari va tankga qarshi raketalarni olishga umid qilayotganini yozdi. Shu bilan birga, ekspertlar Shimoliy Koreya arsenalining sifatiga yuqori baho bera olmaydi. Qurol-yarogʻ borasida yakuniy kelishuvga erishilgani hozircha qorongʻuligicha qolmoqda. Bu qurollar Rossiyaga urushda muvaffaqiyat keltirmasa ham, vaqtni choʻzishda foyda berishi aytilgan.
Amur viloyatidagi uchrashuvga Xitoy rasmiy munosabat bergan. Joriy tashrif Rossiya Federatsiyasi va KXDRdan boshqa hech kimga tegishli emas, deydi Xitoy TIV.




