“Yongʻin xavfsizligidanmiz”, “SES”danmiz” deb eshik qoqayotganlarga ishonsa boʻladimi?
Taʼmagir guruhlar orasida qandaydir sugʻurta polislarini sotish holatlari ham keng tarqalgan.

Beli ogʻrimasdan pul topishning yoʻllari koʻp. Birovning haqidan hazar qilmaydigan odam uchun tilanchilik, oʻgʻirlik, talonchilik, bosqinchilik, tovlamachilik va firibgarlik ham tirikchilikning bir turi boʻlib koʻrinadi. Birov toʻsqinlik qilmasa, jarima yoki qamoqqa tashlamasa boʻlgani. Qoʻl-oyoq chaqqon, til-jagʻ ravon boʻlsa, omad kelgani shu. Kim koʻp, sodda koʻp. Bolasidan pulni ayaydiyu, lekin birovning aldoviga uchib, tishining kavagida saqlagan pulini firibgarga berib yuboradi.
Firibgarlarda esa odamlar pulini mehnatsiz va xavfsiz yulib olish uchun gʻoyalar oqimi toʻxtatmaydi. Mavsumga va sharoitga qarab turlanib va moslashib turadi. Masalan, kuz-qish mavsumida firibgarlarning yangi turi koʻchalarimizni “bezaydi”, xonadonlarning eshiklari oldiga “fayz” berib turadi. Ular kamida 2-3 kishidan iborat guruh boʻlib, eshikma-eshik yurishadi. Pul taʼma qilib, odamlarning taʼbini xira qilishadi. Soʻnggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanganida aholi orasida, ayniqsa qishloq joylarida maxsus formali kiyim-bosh kiyib olgan shubhali shaxslar oʻzlarini “davlat yongʻin nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan majburiy tarzda soliq yoki kommunal toʻlovlarni noqonuniy yigʻishayotgani kuzatilmoqda. Shilqimlik va surbetlikda, yolgʻonchilik va vaʼdabozlikda, taʼmagirlik va doʻq urishda, boshqa rasmiy tashkilot vakillarining rolini oʻynashda ularning oldiga tushadigani yoʻq.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, gaz va elektr xizmati xodimlarining ust boshiga oʻxshagan kiyimlarda bashang boʻlib eshingizdan kirib kelishadi. Hatto davlat ramzlari boʻlmish gerb va bayroqni ham oʻz logotiplari bilan omuxta qilib yuborishgan.
– Yuqoridagi masalalar boʻyicha kelib tushgan murojaatlar oʻrganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida “yongʻin”, “olov”, “qarshi kurash”, “xavfsizlik”, “himoya” kabi soʻzlardan iborat boʻlgan va yongʻinning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik subʼektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum boʻldi, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.
Uning maʼlum qilishicha, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 209¹-moddasiga koʻra, formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilangan.
Bunday pulsevar guruhlarning harakatidan “ogʻzi kuygan” odamlarning aytishicha, bir qarashda ularning hujjatlari joyida. Qandaydir MChJ, tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan. Qoʻllarida guvohnomalari ham bor. Bir dasta shartnomalar ham koʻtarib yurishadi. Shartnomalar turli mazmunda.
Firibgarlik ortidagi 1 milliard 170 million soʻmlik “hosil”
Eng koʻp tarqalganlaridan biri – yongʻin xavfsizligining oldini olish boʻyicha suhbat uyushtirish borasida. Yaʼni fuqaro bilan tegishli suhbat oʻtkaziladi, ayrim qogʻozlarga qoʻl qoʻydirib olib, oʻtkazilgan suhbat va internetdan olingan umumiy maʼlumotlar bergani uchun pul talab qilishadi. Bir qishloqda oʻrtacha 300 xonadon boʻlsa, har biridan oʻrtacha 100 ming soʻmdan undirganda ham 30 million soʻm pul boʻladi. Aytaylik, Zangiota tumanida umumiy hisobda 39 ta aholi punkti bor. Har biridan 30 milliondan yigʻib olsa, bitta MChJ 1 milliard 170 million soʻmlik “hosil koʻtaradi”! Yana tagʻin kuyib qolish ehtimoli oʻta past, tavakkalchilik shart emas, mehnat va ish jihozlari talab etilmaydi, xarajatlar, javobgarlik va mijoz topish muammosi yoʻq. Bu ham kamlik qilgandek, har bir shunday MChJ bir oyda kamida 1 marta gadoy kabi qishloq oralab turishadi. Samandar Hikmatullayevning aytishicha, oʻtgan yili 800 ga yaqin shunday MChJlar ochilgan.
– Ular mavsumiy tashkilotlar, deydi S. Hikmatullayev. – Mavsumda pul yigʻib olib, tashkilotni yopishadi. Keyingi yil esa boshqa nom bilan ochishadi va boshqa shaxslardan iborat guruhlarni “ov”ga chiqarishadi. Avval pul soʻragan xonadoniga borsa, “yana keldinglarmi” demasliklari va qandaydir xizmat koʻrsatish uchun pul olishgan boʻlsa, shuning javobgarligidan qochish uchun shunday qilinadi.
Davlat tashkilotlarining nomini sotayotgan “formali”lar
Mutaxassisning tushuntirishicha, bunday firibgar guruhlar pul taʼma qilishdan tashqari davlat tashkilotlarining nomini sotishga ham odatlanishyapti. “Biz FVVga yoki falon vazirlikka tegishli tashkilotmiz, pul bermasangiz boʻlmaydi, boʻlmasa jarimaga tortilasiz”, degan aldovlarni ishga solishadi.
– Oxirgi paytlarda bizning tashkilotimiz nomini sotadigan guruhlar ham paydo boʻlibdi, – deydi Oʻzbekiston Yongʻinga karshi kurash jamiyatining Toshkent shahar hududiy boʻlimi maʼsul xodimi Anvar Aripov. – “Yongʻinga karshi kurash jamiyati tugatildi, oʻrniga biz kelamiz endi”, yoxud “FVV yoki Yongʻinga qarshi kurash jamiyati bilan shartnomamiz bor, ularga qanday ishonsangiz, bizga ham shunday ishonavering” qabilidagi aldovlar bilan xalqni chalgʻitishyapti. Ularning xonadonlardan pul undirish yoʻlidagi bahonalaridan yana biri – uy dudboʻronini tozalab berishdan iborat. Vaholanki bunday guruh vakillari bilan tanishganimizda, ular professional taʼlim va tajribaga ega emasligi maʼlum boʻldi. Kecha maktabni tugatgan yoki boʻlmasa, bu xizmatlarni koʻrsatish uchun bilim berilmaydigan boshqa oʻrta maxsus oʻquv yurtlarini tugatgan odamlar ham “dudboʻronni tozalab beramiz”, “havo tortish kuchini aniqlab beramiz” deya pul yigʻishmoqda. Buning ustiga qoʻllarida maxsus jihozlari ham yoʻq. Bor-yoʻq jihozlari – guvohnoma, chiroyli ustbosh va shartnomadan iborat.
Burgasi bor deb koʻrpani kuydirish kerakmi?
Albatta tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Burgasi bor ekan, deb koʻrpaga olov berish yaramaydi. FVV axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayevning aytishicha, agar biror xususiy tashkilot maʼlum bir xizmatlar koʻrsatishni taklif etsa, ishni professional darajada bajarsa, xalqning oʻziga foyda. Masalan, qish mavsumi oldidan dudboʻronlarni tekshirtirib tozalattirgan maʼqul. Yoz davomida ishlatilmagan pechkaning tutun tortish quvurlari ichiga qushlar in qoʻyishi yoki shamol-toʻzon oqibatida turli begona jismlar bilan berkilib qolgan boʻlishi mumkin. Yoki qish chiqqanida qor-yomgʻir kirmasligi va qushlar kirib in qurmasligi uchun dudboʻron berkitib qoʻyiladi. Yanagi qishda esa bu xonadon egasining yodididan koʻtarilib, pechkaga olov qalashi mumkin. Bunday holatlar yongʻinga sabab boʻlishi yoki tutun yaxshi tortilmasligi va olov chala yonishi oqibatida is gazi paydo boʻlib, xonadonda yashovchilar hayotiga zomin boʻlishi mumkin, hatto.
Bundan tashqari gaz plitalarining oqimni ochish va yopish dastaklari va murvatlarini grafitli maxsus texnik yogʻlar bilan moylab turishi ham talab etiladi. Eskirgan qurilmalar ham inson salomatligi va yongʻin uchun xavfli boʻlib qoladi. Shuningdek, gaz quvurlarining umumiy holatini tekshirtirib turish ham zarur. Biroq bu ishlar bilan hududgaz xodimlari shugʻullanishadi.
Taʼmagir “Sugʻurtachi”, “SES”chi va boshqalar...
Taʼmagir guruhlar orasida qandaydir sugʻurta polislarini sotish holatlari ham keng tarqalgan. Biroq ularda sugʻurta faoliyati bilan shugʻullanish vakolati yoʻq. Buning uchun tegishli idoralardan maxsus ruxsatnoma olish talab etiladi.
Keyingi uslublardan biri esa aholiga qandaydir mahsulotlarni majburan sotishdan iborat. Yongʻinga qarshi kurashga “ixtisoslashgan” firibgarlar turli oʻt oʻchirish qurilmalarini majburan “oʻtkazishga” urinishadi. Oʻzini “SES” xodimi, deb tanishtiruvchilar esa turli zararkunanda kemiruvchi va hasharotlarga qarshi kimyoviy kurash vositalarini sotishadi. Bularni sotib olish majburiy, deb aldashadi. Tabiiyki, bu mahsulotlar bozor va doʻkondagi narxdan bir necha barobar qimmatga sotiladi.
Yana bir guruh firibgarlar esa oʻzlaricha xonadonlardagi gaz va elektr bilan bogʻliq tizimlarni tekshirib, goʻyo kamchiliklar topishadi va jarima solishadi. Jarima 500 ming soʻmdan boshlanadi. Xonadon egasi “savdolashib”, 50-100 ming bersa ham “rozi boʻlishadi”. Natija fuqaro ham xursand, firibgar ham xursand.
Adliya vazirligi ham ogohlantiradi!
Taʼkidlash kerak, Adliya vazirligi ayrim shaxslar tomonidan oʻzlarini “davlat yongʻin nazorati organlari” yoki boshqa tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirgan holda yolgʻon maʼlumotlar asosida fuqarolardan majburiy toʻlov toʻlanishini talab etishi noqonuniyligini maʼlum qiladi. Fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni belgilangan tartibda toʻlab borishi lozim. Unda ham koʻpchilik toʻlovlarni vositachilarsiz amalga oshirish yoʻlga qoʻyilgan:
• Sovuq suv taʼminoti;
• Isitish va issiq suv taʼminoti (koʻp qavatli uylarda);
• Elektr taʼminoti;
• Gaz taʼminoti;
• Issiqlik taʼminoti (koʻp qavatli uylarda);
• Kanalizatsiya (isteʼmolchi ulangan boʻlsa);
Boshqa har qanday holatda va shaklda pul talab qilish noqonuniy hisoblanadi.
FVV ham!
- Umuman olganda yuqoridagi kabi MChJ (tadbirkorlik subʼektlari) lar uyingizga kelganda ularni uyga kiritmaslik yoki agar istasangiz va ehtiyoj boʻlsa, oʻsha tashkilot bilan shartnoma asosida hamkorlik qilish huquqiga egasiz, – deydi Samandar Hikmatullayev. – Ushbu tashkilotlar sizni jarimaga tortishga xaqli emas, shuningdek targʻibot va tashviqot ishlaridan tashqari xizmat koʻrsatsagina, dudboʻronni tozalasa, pechlaringizni taʼmirlab bersa, xizmatiga pul toʻlashingiz mumkin.
Xulosa oʻrnida
Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun xalqimizning huquqiy jihatdan savodxon boʻlishi maqsadga muvofiq albatta. Masalan, xalqimiz mehmondoʻst, ammo hozirgi zamonda tanimagan “itga ham, bitga ham” eshik ochishga, bundan ham yomonrogʻi uni uyingizga kiritishga majbur emassiz! Hattoki u huquqni himoya qilish tashkiloti xodimi boʻlsa ham! Davlat tashkilotlari oʻz vakolatlari doirasida va qonuniy ish tutishadi. Qolaversa, hozir yongʻinga qarshi kurash xizmatlari FVV tasarrufiga oʻtgan. FVV hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi vakillari esa boʻlar-boʻlmasga sizni bezovta qilishmaydi, profilaktik suhbat yoki xizmatlar uchun pul talab qilishmaydi. Chunki ularning taʼminoti soliqlarimiz hisobidan amalga oshiriladi.
Abulfayz Sayidasqarov