Rossiyada yana harbiy safarbarlik boʻladimi? Putin javob berdi
Rossiyada 2022 yil 21 sentabrdan 31 oktabrgacha qisman safarbarlik boʻlib oʻtgandi.

Oxirgi 6-7 oy ichida Rossiyada 270 mingga yaqin kishi ixtiyoriy ravishda harbiy xizmatni oʻtash uchun shartnoma imzoladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin qoʻshimcha safarbarlik mumkinmi degan savolga shunday javob berdi.
“Biz 300 ming kishini chaqirdik. Oʻtgan 6-7 oy davomida 270 ming kishi Qurolli Kuchlar va koʻngillilar boʻlinmalarida xizmat qilish uchun ixtiyoriy ravishda shartnoma imzoladi”, — dedi u.
Putinning gapidan anglashiladiki, yangi safarbarlikka hozircha ehtiyoj yoʻq.
Putinning taʼkidlashicha, odamlar buni "ongli va ixtiyoriy ravishda", "Vatan manfaatlarini himoya qilish uchun hayotlarini yoʻqotishlari mumkinligini anglab yetgan holda qabul qilmoqda".
Rossiyada 2022 yil 21 sentabrdan 31 oktabrgacha qisman safarbarlik boʻlib oʻtgandi. Oktabr oyi oxirida Mudofaa vazirligi 300 ming kishini zaxiradan jalb qilish boʻyicha topshiriq bajarilgani haqida xabar berdi. Shundan soʻng Putin safarbarlik masalasi “nihoyasiga yetganini” aytgandi.
Safarbarlik vasvasasi sabab yuz minglab rossiyaliklar mamlakatdan chiqib ketdi. Ularning bir necha oʻn mingi Oʻzbekistonga ham kelib joylashdi.
Shuningdek, sentabr oyi boshida Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev 2023 yil yanvaridan beri Rossiya Qurolli Kuchlarida 280 mingga yaqin kishi shartnoma asosida xizmatga qabul qilingani, ularning baʼzilari koʻngillilar ekanligini maʼlum qilgandi.




