Gepatit “S” bilan kasallangan bolalar toʻliq davlat hisobidan davolanadi

2023 yil 1 oktabrdan ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori boʻlgan har bir oila boʻyicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi joriy etiladi. 

Jamiyat
12-sentabr 2023 yil
Gepatit “S” bilan kasallangan bolalar toʻliq davlat hisobidan davolanadi


Oʻzbekistonda gepatit “S” bilan kasallangan bolalar toʻliq davlat byudjeti hisobidan davolanadi. Bu haqda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda uni 2023 yilda oʻzi vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha Prezident qarorida aytiladi.

Qarorga koʻra, 2024 yil 1 yanvardan:

- onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi;

- virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolash yoʻlga qoʻyiladi.

2023 yil 1 oktabrdan ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori boʻlgan har bir oila boʻyicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi joriy etiladi. 

 2024 yil 1 yanvardan:

- Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari roʻyxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;

- nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlash ishlari “vaucher” tizimi asosida tashkil etiladi; 

- ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Qaror bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha 2023 yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 

Unda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

- maktablarda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi darslarini joriy etish; 

- 5 ming nafargacha professor-oʻqituvchilarni tajriba almashish uchun, 200 nafargacha yosh olimlarni ilmiy daraja olish uchun tanlov asosida xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish;

- Buxoro shahrida Jadidlar muzeyini tashkil qilish.

Avvalroq 2024 yil 1 yanvardan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyilishi aytilgandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+