Oʻzbekistonning ochlik indeksidagi oʻrni maʼlum boʻldi
Indeksda Belarus, Bosniya va Gersegovina, Chili davlatlari eng yaxshi natijani koʻrsatgan.

Global Hunger Index 2022 yil uchun xalqaro miqyosdagi ochlik indeksida Oʻzbekiston eng yaxshi deb topilgan mamlakatlar orasida 5,6 ball bilan 21-oʻrinni egalladi.
Ushbu koʻrsatkich ijobiy natija boʻlib, mamlakat oziq-ovqat yetishmovchiligiga duchor boʻlmasligini anglatadi.
Global ochlik indeksining yetakchi pogʻonalarida Belarus, Bosniya va Gersegovina, Chili davlatlari joylashgan. Eng kichik koʻrsatkichlar Madagaskar, Markaziy Afrika Respublikasi va Yaman mamlakatlarida kuzatilmoqda.
MDHning qolgan davlatlari quyidagi oʻrinlarni egalladi: Qozogʻiston — 24; Rossiya — 28; Armaniston — 32; Ozarboyjon — 36; Ukraina — 36; Qirgʻiziston — 40; Tojikiston — 67.
Joriy yilda Global ochlik indeksda 121 ta mamlakat ishtirok etdi. Bu indeks har bir mamlakat uchun toʻrtta koʻrsatkichni jamlash orqali aniqlanadi: toʻyib ovqatlanmaydigan aholi ulushi; besh yoshgacha boʻlgan vazni meʼyordan past bolalar ulushi; besh yoshgacha boʻlgan boʻyi meʼyordan past bolalar ulushi; besh yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻlim darajasi.