Korxonalarni ogohlantirmasdan elektr taʼminotidan uzishga chek qoʻyiladi
Hududlardagi sanoat korxonalari, avvalo, energiya resurslari taʼminoti bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratish muhimligi aytib oʻtildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor boʻlib oʻtmoqda. Unda sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr taʼminotidan uzish amaliyotiga chek qoʻyish topshirigʻi berildi.
Yigʻilishda hududlardagi sanoat korxonalari, avvalo, energiya resurslari taʼminoti bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratish muhimligi aytib oʻtildi.
Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligidagi komissiyaga bir oy davomida barcha hududlarga borib:
- qoʻshimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, oyma-oy hududlarning energiya balansini ishlab chiqish;
- joriy yilda ishga tushadigan loyihalarni birma-bir xatlovdan oʻtkazib, ularga zarur energiya resurslari ajratishni nazarda tutish topshirildi.