"Dor ostidan reportaj" haqiqati
Yoxud eng koʻp qamoqqa olingan va oʻldirilgan xavfli kasb egalari haqida

1943 yilda Berlinda natsistlar 1942 yil aprel oyida Gestapo tomonidan hibsga olingan, chexoslovakiyalik jurnalist, adabiyot va teatr tanqidchisi, publitsist, siyosiy faol jurnalist Yulius Fuchikni qatl qilishgan. Hatto fashist qamoqxonalarida ham Yulius oʻz kasbini tark etmadi va “Dor ostidan reportaj” (chex. Reportáž psaná na oprátce) kitobini yozishga muvaffaq boʻldi. Fuchikning ushbu kitobi 70 dan ziyod xorijiy tillarga tarjima qilingan. Kitob muallif vafotidan soʻng ikki yil oʻtib, 1945 yilda ilk bor chop etilgan, yetti yil oʻtib esa Xalqaro tinchlik sovrini bilan taqdirlangan. Maʼlumot uchun, Amerika jurnalistlarining eng nufuzli mukofoti hisoblanmish Pulitser mukofotining taqdirlash marosimi ham deyarli har yili 8 sentabrda oʻtkaziladi. 1958 yilda esa Xalqaro Jurnalistlar Tashkilotining 4-kongressi qarori bilan bu qaygʻuli sana Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni deb eʼlon qilindi.
Shundan buyon har yili 8 sentabrda butun sayyoramiz boʻylab jurnalistlar birdamligi kuniga bagʻishlab turli uchrashuv va anjumanlar oʻtkaziladi, ularda dunyoning turli davlatlaridan jurnalistlar ishtirok etishadi. Mazkur professional kongresslarda toʻrtinchi hokimiyat vakillari oʻzlarining jurnalistik tajribalari bilan oʻrtoqlashadi va oʻz saflaridagi eng faol va haqgoʻy jurnalistlarni hamda ularning mehnatlarini eʼtirof etishadi. Zero, oxirgi yillarda jurnalistika eʼtirof qilishga, hattoki xavotir olishga arzigulik kasb boʻlib qoldi.
Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biriga aylandi, nega?
YuNESKOning tegishli maʼruzasida aytilishicha, jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biriga aylanib qolmoqda. YuNESKO maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda halok boʻlgan jurnalistlar miqdori oʻtgan yillarga nisbatan 50 foizga oshib, rekord darajaga chiqdi. Shu yili dunyoning 29 mamlakatida 115 nafar jurnalist oʻldirilgani juda tashvishli signal hisoblanadi.
Qitʼalar boʻyicha olganda, 2022 yilda eng koʻp jurnalistlar Lotin Amerikasi davlatlarida (39 xodim) oʻldirildi. 37 nafari Yevropada, 30 nafari Osiyoda, 7 nafari Afrikada, 2 jurnalist esa Shimoliy Amerikada oʻldirilgan. “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro tashkiloti chop etgan hisobotga qaraganda, 2022 yilda dunyo boʻylab 533 jurnalist turli yolgʻon ayblovlar bilan qamoqqa tashlangan. Eng koʻp OAV xodimlari Xitoy zindonlarida – bu yerda 110 xodim qamoqqa olingan.
Maʼlumki, dunyodagi eng xavfli kasblar reytingining birinchi oʻrnida uchuvchilar turadi. Lekin har yili halok boʻladigan uchuvchilar soni 90 dan oshmagan shu paytgacha. 115 raqami esa jurnalistlikni qoʻrqmasdan eng xavfli kasb, deb atash uchun asos boʻla oladi.
Nega jurnalistlar aynan shu mintaqa va davlatlarda halok boʻlishgan? Chunki ayrim davlatlarda, xususan soʻz va vijdon erkinligi boʻgʻilgan davlatlarda, ayniqsa avtokrat va diktatura oʻrnatilgan, korrupsiya tufayli iqtisodiy ahvoli ogʻirlashib, xalq hayoti farovonlikdan uzoqlashgan mamlakatlarda hukumat yuziga oyna tuta oladigan, xalq va davlat oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini oʻtovchi jurnalistlar birinchi raqamli dushmanga aylanishadi. Ularni taʼqib qilishadi, nomlarini bulgʻashga, xalq koʻziga yomon koʻrsatishga intilishadi. Shu maʼnoda fashistlar Germaniyasida natsizmga qarshi chiqqan, uning kirdikorlarini roʻy-rost yozishdan qoʻrqmagan Yulius Fuchik qatl etilgan kunning Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni, deb eʼlon qilinishi reallikka mos tushuvchi ramziy maʼno kasb etadi.
Zero, jurnalist xalqi altruist boʻladi, yaʼni xudbin boʻlmaydi. Oʻz tinchligi va farovonligini xalq manfaati, millat ravnaqi va kelajagi yoʻlida qurbon qiladi. Chunki haqiqatni aytmoq uchun, kafan yelkada boʻlmogʻi lozim.
Jurnalist chetdan qaraganda faqat sensatsiya va shov-shuv ortidan quvayotgan boʻlib koʻrinsa-da, aslida koʻpchilik va mazlum xalq tarafida turadi. Jurnalistlar goʻyoki tabiatdagi sanitar jonzotlarga oʻxshaydi. Ular davlatdagi korrupsiya va huqubuzarliklarni oshkor qilish orqali ularning qayta takrorlanishiga chek qoʻyishadi, hukumatni shaffof ishlashga, xalq oldida hisobdor boʻlishga tom maʼnoda majbur qilishadi. Shu boisdan ham maddohlikdan boʻshamaydigan va shaxsga sigʻinish gulxaniga yoqilgʻi sepish orqali xalq hamda davlat kelajagini oʻgʻirlashlariga hissa qoʻshayotgan “yozgʻuvchilar”ni emas, aynan mana shunday olovqalb, nekbin jurnalistlarni toʻrtinchi hokimiyat vakillari, deyishadi. Zero, adolatsizlik va korrupsiya holatlari goʻyo xalqaro maydonda sharmanda boʻlmaslik yoʻlida yashirilsa-da, bu harakatlar ortida bir hovuch muttaham amaldorlarning oʻz manfaatlarini himoya qilish istagi yotadi, xolos. Davolamasdan, latta bilan yashirilgan jarohat oxiri aynib, qurtlab, qorasonga aylanadi. Ming yashirilgani bilan ertaga qoʻlansa hidi uni oshkor qilib qoʻyadi. Jurnalistlar esa kichik yara-chaqani ham oshkor qilish orqali bu jarohatlarning maddalab, yomonlashib ketishining oldini olishadi. Yulius Fuchikning "Haqiqat albatta gʻolib boʻladi, ammo unga qatʼiy ravishda yordamlashib yuborish kerak", degan soʻzlari jurnalistlarga qara aytilgan, desak adashmaymiz. Pastkash chiyaboʻrilar tunda otarlarga hujum qilishadi, kalamushlar esa yorugʻ va ochiq joyda oʻgʻirlik qilishni yoqtirishmaydi. Jurnalistlar esa aynan ana shunday fosh qiluvchi yorugʻlik nurini tarqatadigan kasb egalari boʻlgani bois chiyaboʻri va kalamushlarga yoqmasligi tabiiy.
Xalqaro jurnalistlar birdamligi kunida yana bir ayanchli holatga eʼtibor qaratish lozim. Avtokrat, soʻz va vijdon erkinligi boʻgʻilgan nodemokratik rejimlarda jurnalistlar nafaqat xalqni, hatto oʻzlarini va safdoshlarini ham zulmdan himoya qilishga qoʻrqib qolishadi. Toʻgʻrirogʻi, qoʻrqitib qoʻyiladi. Bunday jurnalistlar “Menga tegishmayaptiku” degan yolgʻon bahona bilan oʻzlariga taskin berishadi. Bundaylar uchun nemis ruhoniysi Martin Nemyollerning (1892–1984) taqdiri katta ibrat boʻlsa ajab emas. Haqiqatgoʻy bu ruhoniy fashistlar Germaniyasi davrida yashagan. Biroq barcha zolim va diktator rahbarlar kabi Gitler ham dinga hamda ruhoniylarga qarshi kurashni kuchaytirganida, Nemyoller natsistlarga qarshi siyosiy harakatga qoʻshilgan. Fashist konslagerlarida boʻlib, bu zolim rejimning naqadar jirkanch va tubanligiga amin boʻlgan. Nemyollerning ajoyib soʻzlari borki, jurnalistlarning birdam boʻlishi nega zarurligini qisqacha ifodalab bera oladi:
“Natsistlar kommunistlarni qamoqqa olgani kelganida, men indamadim, men kommunist emasmanku, dedim.
Keyin ular sotsial-demokratlarni qamagani kelishdi, man yana indamadim, chunki sotsial-demokrat emasdim.
Keyin ular kasaba uyushmalari faollarini qamagani kelishdi, men yana indamadim, chunki kasaba uyushmasi aʼzosi emasdim.
Keyin ular yahudiylarni ushlab ketgani kelishdi, men yana indamadim, chunki yahudiy emasman.
Nihoyat ular meni qamoqqa olgani kelishdi, lekin endi tarafimni oladigan hech kim qolmagandi”.

