platina.uz
Jamiyat

Toshkent aeroportida soʻnggi oʻttiz yildagi eng yirik giyohvand moddalar partiyasi fosh etildi

Odatda turli pishiriqlarga qoʻshiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat koʻknorisi garchi oʻxshash boʻlsa-da, anʼanaviy koʻknori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi.

Toshkent aeroportida soʻnggi oʻttiz yildagi eng yirik giyohvand moddalar partiyasi fosh etildi

Toshkent xalqaro aeroportida soʻnggi 30 yildagi eng yirik miqdorda giyohvand moddalari ushlab qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

Bojxona qoʻmitasi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yoʻllari orqali respublikamizga xorijdan olib kelinib, soʻngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib oʻtilishi rejalashtirilgan 25 tonna ogʻirlikdagi 1000 qop qandolat koʻknorisi urugʻlari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Odatda turli pishiriqlarga qoʻshiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat koʻknorisi garchi oʻxshash boʻlsa-da, anʼanaviy koʻknori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi. Yaʼni, ushbu mahsulot koʻknori oilasiga mansub oʻt oʻsimliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urugʻlari hisoblanadi.

Ammo, bojxona koʻrigi davomida hujjatlarda qandolat koʻknorisi deb koʻrsatilgan 25 tonna urugʻ va somonlar tarkibida qarangki, haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna koʻknori somoni borligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2015 yil 12 noyabrdagi 330-son qaroriga binoan koʻknor somoni mamlakatimiz hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Taʼkidlash joizki, bitta holatda 8,5 tonna giyohvandlik vositasining fosh qilinishidek eng yirik koʻrsatkich Oʻzbekiston bojxona xizmati organlarining soʻnggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid