Tibbiy sugʻurta 2026 yildan toʻliq joriy etiladi
2023 yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa viloyatlarda ham joriy etilishi kerak edi.

2026 yil yakuniga qadar respublika boʻylab tibbiy sugʻurta toʻliq joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorida belgilandi.
Farmonga koʻra, sogʻliqni saqlash vaziri va jamgʻarma ijrochi direktori 2026 yilning yakuniga qadar tibbiy sugʻurtaning respublika boʻylab toʻliq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibi saqlab qolingan holda SSV tuzilmasiga oʻtkaziladi. 2027 yil 1 yanvardan SSV tarkibidan chiqadi va mustaqil jamgʻarma sifatida faoliyat yuritadi.
Jamgʻarma kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va oʻz byudjetini shakllantiradi.
2022 yil dekabr oyida prezident parlamentga yoʻllagan murojaatida davlat tibbiy sugʻurtasiga oʻtish jadallashtirilishini, 2023 yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa viloyatlarda ham joriy etilishini maʼlum qilgandi. Yil boshida bu sana 1 iyul deb eʼlon qilingan. Bunda tibbiyot muassasalari toʻliq raqamlashtirilishi aytilgandi.