Farmatsevtika agentligi yana Sogʻliqni saqlash vazirligiga oʻtdi
U farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni toʻliq zimmasiga oladi.

Farmatsevtika agentligi yana Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga qaytarildi. Agentlik Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida edi.
Shuningdek, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ham 2024 yil 1 yanvardan Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Mazkur muassasalar Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlab qolgan holda oʻtkaziladi.
Farmatsevtika agentligi farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni toʻliq zimmasiga oladi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi 2027 yil 1 yanvardan Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibidan chiqadi va mustaqil jamgʻarma sifatida faoliyat yuritadi.
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Sogʻliqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijrochi direktori 2026 yilning yakuniga qadar tibbiy sugʻurtaning respublika boʻylab toʻliq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.