AQSh elchixonasi "Grin karta" gʻoliblarini jiddiy ogohlantirdi
Elchixona dunyo boʻylab belgilangan viza miqdori tugagunga qadar DV vizalarini taqdim etishni davom ettiradi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi "Grin karta" dasturi gʻoliblariga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi. Aytilishicha, dunyo boʻylab "Grin karta" dasturi uchun belgilangan yillik 55 000 ta viza soni shu kunlarda nihoyasiga yetishi mumkin. Belgilangan limit tugasa, elchixona DV dasturi boʻyicha suhbatga kirganlarga viza taqdim eta olmaydi.
"Toshkentda ushbu oyda boʻlajak viza suhbati kuni belgilangan murojaatchilar viza ololmasliklari mumkin. Viza uchun talab etilgan hujjatlari toʻliq emasligini biladigan murojaatchilar viza suhbatiga kelishdan (va qaytarib berilmaydigan viza toʻlovini amalga oshirishdan) avval oʻylab koʻrishlarini soʻraymiz, chunki viza boʻyicha murojaatni koʻrib chiqib, uni yakunlash uchun yetarlicha vaqt qolmasligi mumkin", deyiladi elchixona eʼlon qilgan xabarda.
Toshkentdagi AQSh elchixonasi dunyo boʻylab belgilangan viza miqdori tugagunga qadar DV vizalarini taqdim etishni davom ettiradi va bugungi kungacha 3 100 dan ortiq viza murojaatchilari bilan suhbatlar allaqachon oʻtkazilgan.
Eslatib oʻtamiz, "Grin karta" natijalari joriy yil may oyida eʼlon qilingandi.