Tadbirkorlar yoʻlidagi bir qator cheklovlar olib tashlanmoqda
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi.

Soliq kodeksida soliq toʻlovchilar sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarigaoʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi.
Amaldagi tartibga koʻra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilingandan (shikoyat koʻrib chiqilganidan) keyin sudga murojaat qilish mumkin.
Mazkur qonun bilan amaldagi 4 ta qonunga, jumladan, Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi va “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga tadbirkorlik subʼektlari oʻz huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini cheklovchi normalarni bekor qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Endilikda tadbirkorlik subʼektlari oʻz huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sud orqali himoya qilishi yoki maʼqul deb hisoblasa, yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin boʻladi.
Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi hamda “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish kiritilib, tadbirkorlik subʼektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida eʼlon berish majburiyatlarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.