platina.uz
Siyosat

Oʻzbekistonda tashqi qarz inqirozi kutilyaptimi? Xavotirlar haqiqatmi?

Tashqaridan jalb qilinayotgan uzoq muddatli kreditlar asosan mamlakatdagi ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga – transport, energetika tizimlarini isloh qilish, yoʻllar, koʻpriklar qurilishi, yoki taʼlim muassasalari va binolarni qurib ishga tushirish kabi loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Hozir iqtisodiyotimizda oʻsib borayotgan bir koʻrsatkich borki, hammani tashvishga solyapti. Bu tashqi qarzimizning ortib borish masalasi hisoblanadi. Hozir tashqi qarzimiz qancha miqdorda? Bu koʻrsatkich tashvish va xavotirlarga sabab boʻlishi mumkinmi? Umuman, tashqi qarz uchun biror limit, chegara qoʻyilganmi? Qarz miqdori qanchadan oshsa, toʻlay olmaslik holatiga oʻxshash muammolarga sabab boʻlishi mumkin?

Iqtisodiyot fanlari doktori Bobur Valiyev bilan ana shu mavzuda suhbatlashdik.

Bobur Valiyev: – Bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinadigan, koʻpchilikni qiziqtiradigan dolzarb masala hisoblanadi. Oʻzbekiston hozir faol iqtisodiy islohotlar davriga kirdi. 2017-2021 yildagi harakatlar strategiyasida yoki bundan keyingi 2026 yilgacha boʻlgan Taraqqiyot strategiyasida ham Oʻzbekistonning tashqi qarz masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bir narsani adashtirmasligimiz kerak. Umumiy tashqi qarz mavjud boʻladi, uning tarkibida davlatning va xususiy sektorning tashqi qarzi boʻladi. Bu yerda davlatning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 60 foizida oshmasligi boʻyicha chegara etib belgilangan. 2020 yildan boshlab, davlat byudjetini shakllantirishda, undan tashqari Taraqqiyot strategiyasida ham bu masala alohida punkt sifatida kirgan. Hatto tashqi qarzni yiliga 4,5 milliard dollardan oshirmaslik boʻyicha ham limit oʻrnatilgan.

Umuman, xalqaro darajada ham, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ham bu mamlakatning kelgusida tashqi qarzga bogʻlanib qolish, iqtisodiy xavfsizlik nuqtai-nazaridan muayyan chegaraviy mezonlar – tavsiyalar beriladi. Bu tavsiyalarda ham tashqi qarzning YaIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi boʻyicha ham tavsiyalar bor. Bizda bu borada vaziyat qanday? Oʻzbekistonda umumiy tashqi qarzimiz YaIMning 58-60 foiziga yaqinlashyapti. Lekin davlatning tashqi qarzi YaIMning hali 38-40 foiz darajasida. Yaʼni 60 foizlik “qizil” chegaraga yetishiga yana 20 foiz bor. Bu degani tashqi qarzni yanada oshirib borish yoki kamaytirib borish kerak, degani emas. Bunday qatʼiy bir qoida yoʻq. Har bir milliy iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari boʻladi. Tashqi qarz bevosita isteʼmol qilish uchun olinmaydi. Masalan, Oʻzbekiston misolida oladigan boʻlsak, tashqaridan jalb qilinayotgan uzoq muddatli kreditlar asosan mamlakatdagi ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga – transport, energetika tizimlarini isloh qilish, yoʻllar, koʻpriklar qurilishi, yoki taʼlim muassasalari va binolarni qurib ishga tushirish kabi loyihalarga yoʻnaltiriladi. Bu esa kelajakda katta foyda va moddiy daromad olib keladi. Yaʼni olingan uzoq muddatli kredit bizga imkoniyatlar oʻlaroq qaytib keladi. Lekin eng muhim masala shundaki, jalb qilinayotgan kreditlarni, xoh u xalqaro moliya tashkilotlari boʻlsin, xoh xorijiy mamlakatlarning yirik banklaridan jalb qilinayotgan maʼlumotlar boʻlsin – ularni samarali va oʻz oʻrnida, manzilli ishlatish kerak. Agar undan samarali foydalanilsa, infratuzilma obʼektlari albatta kelajakda oʻz samarasini beradi.

- Demak, hali bizga defolt xavf solmayotgan ekanda?

- Xalqaro valyuta jamgʻarmasining ham tashqi qarz boʻyicha fikr-munosabatlari eʼlon qilingan. Unga koʻra, Oʻzbekistonda tashqi qarz inqirozining kelib chiqish ehtimoli yuqori emas, yaʼni bunday xavf yoʻqligini eʼtirof etgan. Sababi, boya aytib oʻtganimdek, tashqi qarzimiz oʻrnatilgan limit doirasida turibdi. Toʻgʻri, hozirgi faol islohotlar davrida bizga davlat byudjetining mablagʻlari yetarli emas. Ayniqsa koronavuirus pandemiyasi natijasida, qolaversa, katta iqtisodiy islohotlar, infratuzilma uchun, faol iqtisodiy jarayonlarga qoʻshimcha pul mablagʻlari kerak. Davlat byudjetining defitsiti 2022 yilda 4 foiz boʻldi. Bu degani – davlat xarajatlari davlatning daromadlaridan ham ortiq boʻldi. Davlat faol iqtisodiy taraqqiyotga shu darajada eʼtiborni oshirdiki, natijada 4 foiz kamomad paydo boʻldi. Bunday holatda albatta xalqaro moliya tashkilotlarining uzoq muddatli arzon kreditlarini jalb qilgan holda iqtisodiyotning qon tomiri boʻlmish infratuzilmani rivojlantirish zarur boʻladi. Infratuzilma nima? Bu yoʻllar – aloqa, turli xil energetika kanallari, gaz va elektr tarmoqlaridir. Bular mavjud boʻlsagina iqtisodiyot oʻzida rivojlanish uchun imkoniyat va kuch topadi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonda defolt, yaʼni tashqi qarzni toʻlay olmaslik degan taxminlar reallikdan uzoq hisoblanadi.

- Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun nafaqat tashqi qarz, balki investitsiyalar ham asosiy rol oʻynaydi. Oʻzbekistonning tashqi qarzi nisbatan koʻpayib borayotgani Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligiga salbiy taʼsir qilishi mumkinmi? Yoki bunga aloqasi yoʻqmi?

- Buning uchun avvalo investitsiya muhiti nimalarga bogʻliq degan savolga javob berish kerak. Masalan, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlsangiz, nimalarga eʼtibor berasiz? Birinchi navbatda kommunikatsiya qay darajada? U yerga suv quvurlari kelganmi? Elektr tarmoqlari kelganmi? Energiya manbalariga ulanganmi? Agar mahsulotni ishlab chiqargan boʻlsak, transport tizimi, transport koridorlari qanday? kabi savollarga javob izlaysiz.

Yaʼni investitsiya muhitining jozibasini taʼminlab beradigan asosiy omillar mavjud. Masalan, investorlar nimaga eʼtibor qaratadi? U gaz, elektr taʼminoti, kanalizatsiya, transport tizimlari ahvoliga eʼtibor qaratadi, albatta. Chunki u mahsulotini temir yoʻl yoki avtomobil yoʻllari orqali yetkazib berishi kerak. Bundan tashqari mamlakatda yaratilgan ochiqlik, davlat idoralari faoliyatidagi ochiqlik, korrupsiyaning yoʻqligi yoki byurokratiyaning cheklanganligi, tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar, xususan, soliq imtiyozlariga eʼtibor qaratiladi. Biznes egalari uchun ishchi kuchi ham muhim. Demak, mamlakatimizdagi mehnat resurslari, kadrlarimizning salohiyati ham investorlarning tegishli qaror chiqarishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari arzon xom-ashyoning mavjudligi ham muhim. Oʻzbekiston tabiiy boyliklarga, qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boyligi ham muhim. Shuningdek, bizda quyoshli kunlar sonining koʻpligi ham ahamiyatga ega. Demak, arzon xom-ashyo, arzon ishchi kuchi, shaffof va ochiq muhit boʻlsa, infratuzilma talabga javob bersa, shunday joyga investor kiradi. Endi yana bir muhim masala – tashqaridan olinayotgan kreditlarning asosiy qismi nimalarga sarflanadi? Ular infratuzilma obʼektlariga sarflanadi. Aniqlik kiritish uchun uchun baʼzi raqamlarni keltirishim mumkin. Masalan, infratuzilmaviy loyihalarda avtomobil yoʻllari 269 km, 243 km. ichimlik suvlari, 83 km.dan oshiq sugʻorish suv oʻtkazish inshootlari, 817 gidrotexnik inshootlar aynan shu tashqi qarz va uzoq muddatli kreditlar hisobiga amalga oshirilgan.

Yana bir muhim jihatini aytib oʻtmoqchiman. Tashqi qarzlarning bir qismi byudjetdagi defitsitni qoplashga sarflanadi. Boya aytganimdek, davlat xarajatlari oshib ketyapti. 25 foizi esa energetika sohasini rivojlantirish, bu sohada infratuzilma obʼektlarini barpo etishga yoʻnaltiriladi. 11 foiz transport tizimiga, 10 foizi qishloq xoʻjaligi sohasiga, 9 foizi esa turar joy sektoriga yoʻnaltirilyapti. Koʻryapmizki, uzoq muddatli arzon kreditlar iqtisodiy samara beradigan sohalarga yoʻnaltirilmoqda.

Lekin bu kreditlar manzilli ishlatilmasa, u kelgusida kutilayotgan samarani bermasligi mumkin. Tashqi qarzning ortib borishi ham mamlakat uchun risk boʻladi. Investor buni ham inobatga olinadi. Biroq asosan u tepada zikr etilgan omillarga asosiy eʼtibor qaratadi. Demak tashqi qarzdan unumli foydalansak, tashqi qarz samaradorligini oshiradi. Prezident tomonidan yuritilayotgan asosiy iqtisodiy siyosatning muhim jihati ham mana shunda deb bilaman.

- Oʻzbekiston tashqi qarzining asosiy qismi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelmaydimi? Agar shunday boʻlsa, bu mamlakatimiz siyosiy va iqtisodiy mustaqilligiga xavf solmaydimi?

- Iqtisodiy jarayonlarni chuqur oʻrganmasdan, raqamlarni tahlil qilmasdan yondoshilsa, biroz notoʻgʻriroq xulosalar chiqarish mumkin. Siz aytayotgan xavotir nooʻrin. Buni baʼzi raqamlar bilan asoslab bermoqchiman. Oʻzbekistonga jalb etilayotgan tashqi qarzning deyarli yarmi – 48,7 foizi xalqaro moliya institutlari hisobiga toʻgʻri keladi. Xususan, Osiyo taraqqiyot bankidan 5,4 mlrd. dollar, Jahon bankidan, 4,5 mlrd. dollar, xalqaro investorlardan 2,6 mlrd.ga yaqin. Toʻgʻri, Xitoy ham tashqi qarzda asosiy hamkoriimiz hisoblanadi. Lekin tashqi qarzimizning eng asosiy qismi Xitoy bilan bogʻliq, deb ayta olmaymiz. Masalan, Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqa manbalardan 2,1 mlrd. dollar, Xitoy Eksimbankidan 1,9 mlrd. dollar. Demak, umumiy hisobda atigi 4 mlrd. dollar Xitoyga tegishli. Umumiy tashqi qarzimiz 40 mlrd. dollarga yetgan bir sharoitda 4 mlrd. dollar katta rol oʻynamaydi. Shu bois tashqi qarz tufayli Xitoy iqtisodiyotiga bogʻlanib qolyapmiz, degan xavotirlarga oʻrin yoʻq. Umuman Oʻzbekistonning tashqi qarz siyosatida ham diversifikatsiya siyosati bor. Yaʼni faqat bir manbaga, bir davlatga bogʻlanib qolishdan qochiladi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinganidek, asossiz xavotirlarga oʻrin yoʻq.

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid