Putin va Kim Chen In uchrashadi: AQSh ularning "siri"ni ochdi
Gazetaning anonim suhbatdoshlariga koʻra, Kim Chen In oʻzining zirhli poyezdida Vladivostokka boradi.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bir necha kun ichida Rossiyaning Vladivostok shahriga tashrif buyuradi va Rossiya prezidenti Putin bilan rus armiyasi uchun oʻq-dorilar yetkazib berish va harbiy hamkorlikning boshqa shakllarini muhokama qiladi.
Bu haqda dushanba kuni Amerika va boshqa Gʻarb razvedka agentliklari maʼlumotlariga tayangan holda The New York Times gazetasi yozmoqda.
Gazetaning anonim suhbatdoshlariga koʻra, Kim Chen In oʻzining zirhli poyezdida Vladivostokka yetib borishi va u yerda 10-13 sentabr kunlari boʻlib oʻtadigan Sharqiy iqtisodiy forumda Putin bilan uchrashishi mumkin.
“Putin Kimni Rossiyaga artilleriya snaryadlari va tankga qarshi raketalar yuborishga koʻndirmoqchi, janob Kim esa Rossiyadan Shimoliy Koreyaga ilgʻor sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari va yadroviy suv osti kemalarini yetkazib berishini xohlaydi”, — deyiladi gazetada.
Bundan tashqari, ularning soʻzlariga koʻra, Kim oziq-ovqat yordamini olishni xohlaydi.
Oq uy oʻtgan hafta Putin va Kim oʻrtasida qurol-yarogʻ yetkazib berish boʻyicha maktub almashgani va bu boʻyicha ikki davlat oʻrtasidagi muzokaralar “faol olgʻa ketayotganini” aytgan.
Bundan tashqari, iyul oyi oxirida Pxenyanga borgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham shimoliy koreyaliklarni snaryad sotishga koʻndirgan.