Kontrakt narxlari oshirilmasligi eʼlon qilindi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bayonot bilan chiqdi.

Talabalar uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
2023/2024-oʻquv yili uchun barcha bosqichdagi talabalarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdori davlat oliy taʼlim muassasalari, jumladan, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy toʻlov-kontrakt qiymati 2022/2023-oʻquv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi.
Shu bilan bir qatorda, 2023/2024-oʻquv yili tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oʻtgan oʻquv yili uchun belgilangan miqdorlarda oʻzgarishsiz qoladi.
2023/2024-oʻquv yili qabulida toʻplagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga, istisno taraqasida yangi oʻquv yili boshlanishidan shartnomalar rasmiylashtirishga, shuningdek bir yillik oʻqitish qiymatining 50 foizini toʻlaganlarni talabalar safiga qabul qilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, yana bir yengillik – tasdiqlangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt qiymatini 2023 yil 15 oktabriga qadar toʻliq toʻlagan abituriyentlar uchun 10 foiz miqdorida chegirma berilmoqda.