Sirdaryoda aholining dolzarb muammolari qanday yechilmoqda?
Uch kun davomida yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida ishlar qilindi.

Prezident Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan aholi murojaatlari hamda uyma-uy yurish natijalarida aniqlangan muammolarga yechim topish, hududlarda «Obod xonadon», «Obod koʻcha» va «Obod mahalla» mezonlarini joylarda joriy etish maqsadida tuzilgan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Sirdaryo viloyatida davom ettirdi.
Ishchi guruhga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining masʼul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Aholi uchun dolzarb boʻlib turgan muammolarni hal etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan oʻtgan 3 kun davomida yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida jami 6,29 km ichki yoʻllarga asfalt, beton qoplamasi yotqizish hamda shagʻallashtirish ishlari bajarildi. Elektr taʼminotini yaxshilash uchun 46 dona temir-beton tayanchlar, 1 dona transformator oʻrnatish hamda 4 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida 1 km ichimlik suvi tarmogʻi yangidan tortildi.
Sogʻliqni saqlash, yoshlar masalalari ham Respublika ishchi guruhi eʼtibori markazida boʻldi. Xususan, Xovos tumanida maqsadli tibbiy koʻrik tashkil etilib, koʻrik davomida 875 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shundan, tibbiy koʻrik jarayonida 357 nafar fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi. Tibbiy koʻriklarda kasallik aniqlangan 54 nafar bemorlarga tuman va viloyat muassasalarida davolanishga muhtoj deb topilib, davolanish va diagnostika uchun yoʻllanma berildi. Uy sharoitida davolanishga muhtoj 224 nafar bemorlarga bepul dori darmonlar berildi.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 829 nafar fuqaro va tadbirkorlik subʼektlariga 34,4 mln. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Oqoltin tumanida oila va xotin-qizlar yoʻnalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, tumandagi ishsiz va ehtiyojmand boʻlgan 6 nafar xotin-qizlarning bandligiga koʻmaklashish maqsadida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mikrotoʻlqinli pechlari olib berildi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan 10 kishiga subsidiya mablagʻlari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun tikuv mashinalari, press asbob-uskunasi hamda qandolatchilik faoliyati uchun zarur boʻlgan muzlatgich, elektr pech, mikser va blender texnikasi topshirildi.




