Andijonda fuqaro katta pul bilan ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, u Andijon viloyati hokimining jiyani ekani aytilmoqda.
Andijonda Q.Sh.U. ismli fuqaro Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari va 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayblan, ayni paytda unga nisbatan qamoq chorasi qoʻllanilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, u Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning jiyani ekani aytilmoqda. U 2 nafar tanishi bilan oldindan jinoiy til biriktirgan va bir fuqaroga 0,14 ga. yer maydonida uy qurishi mumkinligini aytishgan.
Yerni 9 ming dollarga sotishga kelishib, soʻralgan pullarni berganidan soʻng kadastr organlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini turar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini bildirishgan.
Departament va DXX xodimlari ularni ushlagan, 9 ming dollar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Xabarga koʻra, bu fuqaro 2015 yilda ham Andijon shahridan tanishlari orqali noturar bino qilib berishni aytib, pul olganda tezkor tadbir davomida ushlangan.
Oʻshanda unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlangan. Keyinroq jazo axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan va 2019 yilda ozodlikka chiqqan.
Ayni paytda Q.Sh.U. xavfli retsidivist deb eʼlon qilingan va 2 sherigi bilan qamoqqa olingan.